Jahon | 13:33 / 07.11.2024
10457
3 daqiqa o‘qiladi

Kamala Harris amerikaliklarni taslim bo‘lmaslikka chaqirdi

Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod o‘z tarafdorlari oldida gapirar ekan, mag‘lubiyatini tan oldi. Shu bilan birga, u hech qachon ozodlik uchun kurashdan voz kechmasligini ta’kidladi.

Foto: Kevin Lamarque / Reuters

AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod Kamala Harris oliy davlat lavozimi uchun kurashda respublikachi Donald Trampdan mag‘lubiyatga uchraganini ochiq tan oldi. «Biz bu saylov natijasini qabul qilishimiz kerak», dedi 60 yoshli demokrat 6 noyabr, chorshanba kuni kechqurun tarafdorlari oldida qilgan chiqishida. U hokimiyat tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini ta’minlashga va’da berdi. Avvalroq Harris Trampga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib, uni g‘alabasi bilan tabriklagan edi.

«Amerika demokratiyasining asosiy tamoyili: «Agar biz saylovda yutqazsak, natijani qabul qilamiz. Bu demokratiyani monarxiya yoki tiraniyadan ajratib turadi», dedi Harris Vashingtondagi Hovard universitetida qilgan chiqishida.

Shu bilan birga, u «saylovdagi mag‘lubiyatini tan olsa ham, saylovoldi kampaniyasiga asos bo‘lgan kurashdan – ozodlik uchun kurashdan hech qachon voz kechmasligini» ta’kidladi.

Harris ozodlik uchun kurashni davom ettirishga va’da berdi

Kamala Harris tarafdorlarini jasoratni yo‘qotmaslikka chaqirdi. «Umidsizlikka tushmang. Hozir taslim bo‘ladigan vaqt emas. Hozir yeng shimarish vaqti. Bilaman, ko‘pchilik biz qorong‘i davrga kirganimizni his qilyapti. Lekin faqat qorong‘ida yulduzlarni ko‘rish mumkin. Endi osmonni yulduzlar bilan to‘ldirish Amerikaning qo‘lida», - dedi u.

Harrisning aytishicha, uning yuragi minnatdorchilik, ishonch, muhabbat va qat’iyat bilan to‘la. «Bu saylov natijasi biz xohlagan, biz kurashgan va biz ovoz berganimiz emas. Lekin biz taslim bo‘lmasak va kurashda davom etsak, Amerika va’da qilgan nur yanada yorqinroq porlashda davom etadi», — deydi u.

Kamala Harris o‘zi o‘qigan universitetda nutq so‘zladi. Saylovdan oldingi kechada u tarafdorlari bilan gaplashmagandi. Ertasi kuni uning nutqi davomida yig‘ilganlarning ko‘pchiligi hafsalasi pir bo‘lganini, ba’zilari yig‘layotganini ko‘rish mumkin edi. Donald Tramp kutilmaganda katta farq bilan g‘alaba qozondi. Ovoz berish natijalari ovozlarni sanab chiqish tugashidan ancha oldin aniq bo‘ldi.

Mavzuga oid