Iqtisodiyot | 23:10 / 07.11.2024
5980
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi

Markaziy bank zaxiralari ketma-ket to‘rt oydan beri o‘smoqda. Xususan, oktyabr oyining o‘zida mamlakatning oltin-valuta zaxiralari qariyb 2 mlrd dollarga oshdi.

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari oktyabr oyida 2 milliard dollarga oshib, 43,14 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda so‘z boradi.

Markaziy bank zaxiralari ketma-ket to‘rt oydan beri o‘smoqda — iyulda 1,06 milliard dollarga, avgustda — 1,75 milliard dollarga, sentabrda — 1,98 milliard dollarga, oktyabrda esa 2 milliard dollarga oshgan.

Shuningdek, o‘tgan oyda xorijiy valuta zaxiralari 511 million dollarga oshgan — 8,709 milliarddan 9,220 milliard dollargacha. Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi o‘zgarishsiz qolmoqda — 12 million troya unsiyasi (367 tonna). Oltin zaxiralari qiymati 1,44 milliard dollarga oshib, 33,36 milliard dollarga yetgan.

Bundan tashqari, Markaziy bankning xorijiy hisobvaraqlaridagi naqd valuta hajmi 445,5 million dollarga oshib, 9,11 milliard dollarga yetgan. Shundan 414,4 million dollari boshqa Markaziy banklar, XVJ va Xalqaro hisob-kitoblar bankida saqlanadi.

Avvalroq World Gold Council (WGC) jahon markaziy banklari sentabr oyida oltin-valuta zaxiralaridagi oltin hajmini 40 tonnaga oshirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Eng ko‘p oltin sotganlar Qozog‘iston (3,8 tonna), Iordaniya (2,7 tonna), Singapur (1,3 tonna) va O‘zbekiston (0,6 tonna) markaziy banklari bo‘lgan.

Mavzuga oid