Jahon | 15:09 / 09.11.2024
3980
3 daqiqa o‘qiladi

YeK rahbari Trampga RF gazini Amerika gaziga almashtirishni taklif qildi

AQShning suyultirilgan gazi arzonroq va Yevropa Ittifoqiga energiya narxini pasaytirish imkonini beradi, dedi fon der Lyayyen. YeK rahbari Oq uyning saylangan rahbari bilan suhbatda Bryussel va Vashingtonning umumiy manfaatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Stefan Sauer/dpa/picture alliance

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen AQShning yangi prezidenti etib saylangan Donald Trampga Yevropa bozoridagi Rossiya suyultirilgan gazini Amerika gaziga almashtirishni taklif qildi. Yevrokomissiya rahbari 8 noyabr, juma kuni Yevropa hali ham Rossiyadan katta hajmdagi STG olishini bildirib o‘tdi. DW muxbiri fon der Lyayyenning so‘zlarini keltirdi: «Nega uni biz uchun arzonroq va energiya narxini pasaytiradigan Amerika STG bilan almashtirmasligimiz kerak». 

Yevrokomissiya rahbari jurnalistlar bilan suhbatda Bryussel va Vashington o‘rtasidagi «umumiy manfaatlar» atrofidagi hamkorlik muhimligini ta’kidladi. Fon der Lyayyen, uning so‘zlariga ko‘ra, bu mavzuni 7 noyabr kuni amerikalik siyosatchi bilan telefon suhbatida ko‘targan. Uning fikricha, AQShdan suyultirilgan gaz yetkazib berishni kengaytirish masalasi Yevropa Ittifoqining AQSh bilan savdo balansidagi profitsiti munosabati bilan ham muhokama qilinishi mumkin.

Germaniya kansleri Olaf Shols ham transatlantik savdo aloqalari muhimligiga amin. «Qo‘shma Shtatlarning o‘sishi va qudrati uning butun dunyo bilan har ikki yo‘nalishda ham savdo qilishiga bog‘liq», dedi Germaniya hukumati rahbari Vengriyadagi norasmiy YeI sammitida. «O‘ylaymanki, umumiy siyosat ishlab chiqish uchun asos bor», — deya qo‘shimcha qildi u.

Yevrokomissar: YeIning Rossiya gaziga qaramligi uch baravar pasaydi

Yevropa Ittifoqi energetika masalalari bo‘yicha komissari Kadri Simson sentabr oxirida aytganidek, Yevropa Ittifoqi iste’mol qiladigan barcha gazning atigi 15 foizini Rossiyadan oladi va rejalashtirilganidek, yaqin kelajakda undan butunlay voz kechishga tayyor. «Rossiyaga qaramligimiz 2021 yildagi 45 foizdan o‘tgan yili 15 foizga kamaydi», — deya tushuntirdi u. Oktyabr oyi oxiriga kelib, Yevropa omborlaridagi gaz zaxiralari 95 foizga yetdi va qishdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan darajadan oshib ketdi.

Mavzuga oid