O‘zbekiston ingliz tili savodxonligi reytingida 98-o‘ringa tushdi
2024 yilgi EF English Proficiency indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston – aholisi orasida ingliz tilini bilish darajasi eng past mamlakatlar qatorida qolmoqda. Ayniqsa, 18-20 yoshlilar guruhidagi natijalarning pastligi e’tiborga molik. 21-25 yoshli talabalar o‘rtasida esa ingliz tili savodxonligi sezilarli yaxshilangan. Hududlar miqyosida eng yaxshi ko‘rsatkich Andijon shahrida qayd etilgan.
Dunyo mamlakatlarida ingliz tilini bilish darajasini baholovchi eng yirik reyting – EF English Proficiency Index 2024 yilgi hisobotini e’lon qildi. O‘zbekiston – aholisi orasida ingliz tilini bilish darajasi eng past mamlakatlar qatorida qolmoqda.
Bu yil O‘zbekiston 114 ta mamlakat orasida 98-o‘rinda qayd etilgan. Bu o‘tgan yilgidan pastroq: 2023 yilda O‘zbekiston 113 ta mamlakat orasida 93-o‘rinda edi. O‘z navbatida, o‘zbekistonliklarning ingliz tilini bilish borasidagi o‘rtacha reyting balli ham 442 dan 439 gacha pasaygan (maksimal ball – 700). Bu – CEFR shkalasi bo‘yicha B1 darajaga teng.
Reytingni tuzgan EF Education First kompaniyasining (Shvetsiya) MDH bo‘yicha bo‘linmasidan Kun.uz'ga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ingliz tilini bilish darajasi yirik shaharlarda nisbatan yuqoriroq bo‘lib qolmoqda. Bu borada 461 ball bilan Andijon shahri birinchi o‘rinda boryapti. Poytaxt Toshkent 457 ball bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Deyarli bir xil ko‘rsatkichga (456) ega Farg‘ona shahri – uchinchi o‘rinda. Yuqori beshlikdan o‘zaro o‘xshash ko‘rsatkichlar ega Buxoro (436) va Samarqand (431) shaharlari ham joy olgan.
Viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosida esa Toshkent viloyati birinchi o‘rinda ekani e’tiborga molik: bu viloyatdan test topshirganlarning oxirgi uch yildagi o‘rtacha balli 463 bo‘lgan. Regionlar bo‘yicha top-beshtalikka Farg‘ona (458), Andijon (455), Navoiy (446) va Buxoro (438) viloyatlari kirgan.
Ingliz tilini bilish bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Jizzax (384 ball), Qashqadaryo (404) va Xorazm (405) viloyatlarida qayd etilgan.
“Oxirgi 4 yilda O‘zbekistonda ingliz tilini bilish darajasi uzluksiz ravishda tushib bormoqda. Shu bilan birga, bu pasayish sur’ati butun dunyo miqyosidagi pasayish tendensiyasidan sekinroq kechmoqda. Masalaning gender jihati alohida e’tiborga molik: mamlakat tarixida ikkinchi marta erkaklar va ayollar o‘rtasida ingliz tilini bilish darajasi tenglashdi”, – deydi EF'ning MDH bo‘yicha direktori Dmitriy Fedorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda noodatiy holat shakllangan: eng past ko‘rsatkichlarni 18-20 yoshlilar guruhi qayd etyapti, vaholanki, bu yosh guruhi an’anaviy ravishda o‘rtacha natijalarni ko‘rsatib kelardi. Ayni paytda, ingliz tilini bilish darajasi 21-25 yoshli talabalar o‘rtasida sezilarli yaxshilanyapti
O‘zbekiston ushbu tadqiqotga 2018 yildan boshlab qamrab olingan, o‘shanda 88 ta mamlakat orasida 86-o‘rinda qayd etilgandi. Mualliflar u yoki bu mamlakat haqida muayyan xulosalar chiqarish uchun yetarlicha ma’lumotlar mavjud deb hisoblab, reytingga kiritishi uchun imtihonlarda kamida 5 ming kishi qatnashishi zarur. 2024 yil davomida esa O‘zbekistondan 7339 kishi Education First testlarini yechgan.
EF SET – Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan CEFR tizimi asosida standartlashtirilgan testlar bo‘lib, undan til o‘rganuvchilar imtihonlarga tayyorlanish va o‘z bilimiga mustaqil baho berish uchun foydalanishadi. Shuningdek, EF SET – imtihonlarda foydalanish uchun mustaqil test manbasi hamdir. Onlayn testni topshirish bepul. Tadqiqotda faqat 18 yosh va undan yuqori respondentlarning natijalari inobatga olinadi, indeksda keskin tebranishlar bo‘lishining oldini olish uchun oxirgi 3 yillikdagi natijalarga qaraladi.
2024 yilgi reyting dunyo bo‘yicha ingliz tilini ikkinchi yoki xorijiy til sifatida o‘rgangan 2,1 million kishining imtihon natijalari asosida tuzilgan. Natijalarga ko‘ra, Niderlandiya ketma-ket oltinchi marta birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Norvegiyaliklar ikkinchi, singapurliklar uchinchi o‘rinni egallagan.
Tadqiqot mualliflarining xulosa qilishicha, ingliz tilini bilish darajasi dunyo miqyosida pasayib borayotgan bo‘lishi mumkin: indeksga qamrab olingan mamlakatlarning 60 foizi o‘tgan yilgiga qaraganda yomonroq ball to‘plagan. Shu bilan birga, 18-20 yoshlilar o‘rtasida ingliz tilini bilish darajasining uzoq yillik pasayish tendensiyasi joriy yilga kelib to‘xtagan.
“Dunyoda ingliz tilidan xabardorlik landshafti doimiy o‘zgarib boradi. Bu yil Yaqin Sharq va Afrika o‘z natijasini yaxshiladi, lekin umuman olganda, boshqa mintaqalarda ingliz tilini bilish darajasi sekinlik bilan, doimiy tarzda pasayib borayotganini ko‘ryapmiz. Bu tendensiya shundan dalolat beradiki, ko‘plab mamlakatlarda hamma inglizcha gapirishni bilishi kerak degan kutilma bor, bu esa ham ta’lim sohasida, ham xususiy sektorda til bilish ko‘nikmalarini yaxshilashga bo‘lgan e’tiborni susaytirmoqda”, – deydi Dmitriy Fedorov.
Reyting muallifi EF Education First – 1965 yilda Shvetsiyada asos solingan kompaniya. EF o‘rta, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limda xorijiy tillarga o‘qitishning akademik dasturlarini ishlab chiqish va ta’lim turizmi bilan shug‘ullanadi. Har yili dunyo bo‘ylab milliondan ortiq odam EF maktablarida o‘qish uchun xorijga chiqadi. Tarmoq 55 ta mamlakatdagi 600 dan ortiq ofis va maktablarni o‘zida jamlagan, ularda 50 mingdan ziyod xodimlar faoliyat yuritadi.
Mavzuga oid
13:27 / 14.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi
18:19 / 07.12.2024
Yoshlarga Work & Travel dasturlari xarajatlari uchun ssuda ajratiladi
16:56 / 02.12.2024
Oxford lug‘ati 2024 yil so‘zini tanladi
10:11 / 28.11.2024