Jahon | 09:28 / 21.11.2024
10348
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Putin hududlar bo‘yicha jiddiy yon bosishga yo‘l qo‘ymaydi

Rossiya prezidenti Kiyevga jiddiy hududiy yon bosishni istamayapti va Ukraina NATOga qo‘shilish niyatidan voz kechishi kerakligini ta’kidlamoqda, deya ma’lum qildi Reuters agentligiga besh manba.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni muhokama qilishga tayyor, biroq jiddiy hududiy yon bosishni istamaydi va Kiyev NATOga kirish ambitsiyalaridan voz kechishi kerakligini ta’kidlamoqda. Bu haqda 20 noyabr, chorshanba kuni Kremldagi muhokamalardan xabardor besh manbaga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.

Rossiyaning amaldagi va sobiq rasmiylari Kreml, umuman olganda, front chizig‘ida urushni muzlatishga rozi bo‘lishi mumkinligini aytishdi.

Baydenning qarori Moskva talablarini murakkablashtirishi mumkin

Shu bilan birga, agentlikka uch nafar suhbatdoshning aytishicha, Ukrainaning to‘rt sharqiy oblasti – Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson chegaralari bo‘yicha muloqot uchun joy bo‘lishi mumkin. Rossiya Xarkiv va Mikolayiv oblastlaridagi nisbatan kichik hududlardan ham kuchlarini olib chiqishga tayyor bo‘lishi mumkin, dedi ikki rasmiy.

Agentlikning ikki suhbatdoshi ta’kidlaganidek, AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenning Ukrainaga ATACMS ballistik raketalarini Rossiya hududiga chuqur zarba yo‘llashda foydalanishga ruxsat berish haqidagi qarori har qanday kelishuvni murakkablashtirishi va Moskvaning talablarini kuchaytirishi mumkin.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Reuters agentligiga ATACMS zarbasi haqidagi xabarlar paydo bo‘lishidan bir necha soat oldin, Putin «mojaroni muzlatish» hech qanday natija bermasligini aytganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning ruxsati Qo‘shma Shtatlar tomonidan «juda xavfli eskalatsiya»dir.

Kreml AQShning RFga ATACMS zarbalari haqidagi qaroriga munosabat bildirdi

Rossiya AQShning Ukrainaga RFga uzoq masofali raketalar bilan zarba yo‘llashga ruxsat bergani haqidagi xabarlarga juda salbiy munosabat bildirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 noyabr kuni bu qaror keskinlikning yangi bosqichi va AQShning Ukrainadagi urushga aralashuvini anglatadi, dedi.

«Agar shunday qaror haqiqatan ham ishlab chiqilgan va Kiyev rejimiga yetkazilgan bo‘lsa, bu keskinlikning sifat jihatidan yangi bosqichi va Qo‘shma Shtatlarning ushbu mojaroga aralashuvi nuqtayi nazaridan yangi holat», — dedi Peskov matbuot brifingida. Kremlda hozircha faqat G‘arb ommaviy axborot vositalaridan ma’lumot bor.

Mavzuga oid