Jahon | 23:32 / 21.11.2024
4465
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya rahbari samolyotda tobi qochgan yo‘lovchiga birinchi yordam ko‘rsatdi

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Hannover Oliy tibbiyot maktabida o‘qigan, 1991 yilda doktorlik darajasini olgan.

Foto: Getty Images

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen samolyot bortida tobi qochgan yo‘lovchiga birinchi yordamni ko‘rsatdi. Bu haqda Tsyurixdan Bryusselga uchayotgan Swiss Air aviakompaniyasining LX780 reysi yo‘lovchilaridan biri ma’lum qildi.

«Yo‘lovchilardan biriga yordam kerak bo‘lib qolganida Bryusselga qaytayotgan edik. Odatdagidek, ekipaj tibbiyotdan xabari bor insonlar bor yoki yo‘qligini so‘radi», — deydi Yevrokomissiya rahbarining o‘zi.

Boshqa yo‘lovchilarning aytishicha, samolyot favqulodda Bryusselga qo‘nishni amalga oshirgan va bemorni shifokorlar kutib olgan. Qolganlar tibbiyot xodimlari fuqaroga yordam ko‘rsatgunga qadar havo kemasining ichida kutib o‘tirgan.

Shundan keyin Ursula fon der Lyayyen qora Mercedes’da jo‘nab ketgan, chunki u rasmiy tadbirga yetib borishi kerak bo‘lgan.

Ursula fon der Lyayyen 1958 yilda Belgiyada tug‘ilgan. 1978 yilda London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabini, 1987 yilda esa Hannover Oliy tibbiyot maktabini tamomlagan. U shifokor sifatida o‘qigan va 1991 yilda tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini himoya qilgan.

Siyosiy faoliyatini 1990 yilda Germaniya Xristian Demokratik Ittifoqi (XDI) partiyasida boshlagan. 2009 yildan 2013 yilgacha Germaniya Mehnat va jamoat ishlari vaziri lavozimida ishlagan. 2013 yildan 2019 yilgacha Germaniya Mudofaa vazirligini boshqargan. U bu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi.

2019 yilda Ursula fon der Lyayyen Yevropa komissiyasini boshqargan birinchi ayol bo‘ldi. 2022 va 2023 yillarda Forbes jurnali uni «dunyodagi eng qudratli ayol» deb topdi.

Mavzuga oid