22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Vatandoshlar uchun «Vatandosh» kartasi, sport kuniga aylantirilayotgan payshanba, mehnat migratsiyasida yangi qadamlar va Toshkent metropoliteni uchun keltirilayotgan yangi poyezdlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
«Vatandosh» kartasi joriy etildi
O‘zbekiston prezidentining qaroriga muvofiq, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga «Vatandosh» kartasi va guvohnomasi taqdim etiladi.
Tashabbus yurt manfaatlariga hissa qo‘shgan va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol ishtirok etayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida joriy qilindi.
«Vatandosh» kartasi 5 yil muddatga berilib, qator huquq va imtiyozlarni taqdim etadi. Xususan, karta egalariga O‘zbekistonga vizasiz kirish-chiqish, ko‘chmas mulk sotib olish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Shuningdek, karta egasining oila a’zolariga ham tegishli imtiyozlar beriladi. Ular viza muddatini uzaytirish yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda yengilliklardan foydalanishi mumkin.
Bu tashabbus xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash va mamlakat imijini yuksaltirishga qaratilgan. Hujjat maxsus komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi.
Mehnat migratsiyasida yangi qadamlar
O‘zbekiston hukumati 2025 yilda 200 mingdan ortiq fuqaroni iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov parlamentdagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish va migrantlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Germaniya, Yaponiya, Koreya, Kanada, Buyuk Britaniya kabi 21 mamlakatda ish haqi yuqori bo‘lgan 200 ming yangi ish o‘rni yaratish rejasi ishlab chiqilgan.
Shuningdek, xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun kasbiy tayyorgarlik va xorijiy til o‘rgatish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratiladi. Ushbu chora-tadbirlar «O‘zbekiston-2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Har payshanba… sport kuni
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi. Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida 10 mlndan ziyod aholi ommaviy sport bilan shug‘ullanmoqda.
Joylarda «Mahalla ligasi» va «Maktab ligasi» musobaqalarini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda, oliy ta’lim muassasalarida «Talabalar ligasi», «Rektor kubogi» kabi musobaqalar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Har payshanba kuni «Jismoniy tarbiya va sport kuni» deb belgilanishi taklif qilindi. Jalb qilingan yoshlar soni hamda erishilgan natijalarga qarab, sport maktablari xodimlariga ustama beriladi. Shuningdek, infratuzilmadan kelib chiqib, muassasalar muayyan sport turlariga ixtisoslashtirib boriladi.
Metro uchun 26 ta yangi poyezd
So‘nggi 7 yilda Toshkent metropolitenida bekatlar soni 29 tadan 50 taga yetdi. Metro liniyalarning umumiy uzunligi esa 38 kilometrdan 71 kilometrgacha oshdi.
2017 yildan 2019 yilgacha 36 ta poyezd ekspluatatsiya qilingan. Transport vazirligi ma’lum qilishicha, 2024 yilga kelib ularning soni 65 taga yetkazildi.
2025 yil yakuniga qadar Toshkent metropoliteni uchun yana 26 ta zamonaviy tarkib xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Bu poyezdlar qatnov oraliq vaqtlarini sezilarli darajada qisqartiradi va yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yanada qulaylashtiradi.
14 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan issiqxona IIV Tezkor qidiruv departamenti tomonidan aniqlandi.
1987 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z tomorqasida qulupnay yetishtirish uchun issiqxona tashkil etib, tegishli ruxsatlarsiz gaz quvuriga ulangan va uch yil davomida ushbu noqonuniy faoliyat orqali davlatga 14 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan.
Issiqxona egasi qilmishlarini yashirish maqsadida turli usullardan foydalangan. Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Issiqxonalarga gaz yetkazish bo‘yicha cheklovlar yo‘q
Ijtimoiy tarmoqlarda issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Energetika vazirligi esa bunday cheklovlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Prezidentning 2024 yil 26 sentabrdagi «Issiqxona xo‘jaliklarini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, issiqxonalar tabiiy gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirgan holda foydalanishlari mumkin bo‘lib, ularga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha hech qanday cheklovlar mavjud emas.
Issiqxona egalari belgilangan to‘lovlarni amalga oshirib, tabiiy gazdan foydalanishlari mumkin.
Qayd etib o‘tish joizki, belgilangan tartibga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklariga oktyabr, noyabr va dekabr oylarida yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov 50 foiz miqdorida, qolgan qismi oy yakuniga qadar, keyingi oylardan boshlab esa har oyda 100 foiz oldindan to‘lov amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
21:21 / 25.12.2024
25 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:11 / 24.12.2024
24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:14 / 23.12.2024
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024