O‘zbekiston | 17:40 / 22.11.2024
26005
2 daqiqa o‘qiladi

Bloger Qobil Do‘sov vazir o‘rinbosarini haqorat qilganlikda aybdor deb topildi

Bo‘stonliq tumani sobiq deputati, bloger Qobil Do‘sov maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyevni haqorat qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Foto: Kun.uz

Sud hukmi bugun, 22 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Hukmga muvofiq, Do‘sov jabrlanuvchi Boqiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyat – “shaxsni o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi bilan bog‘liq holda haqorat qilish”da aybli deb topildi.

Sudning fikricha, sudlanuvchining aybi jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan tashqari, to‘plangan dalillar, xususan Facebook'dagi “Kabul Dusov” nomli profil va Telegram'dagi “Kobul Dusov | RASMIY KANAL” nomli kanalni ko‘zdan kechirish bayonnomasi bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.

Do‘sovga 1 yil davomida soat 21:00–07:00 oralig‘ida yashash joyidan chiqish cheklanib, bunga qo‘shimcha ravishda internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marta yashash joyi bo‘yicha probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish va mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklandi.

Sudya S.Mamadiyevning eslatishicha, jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflar yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqiga ega. Hukm ustidan belgilangan muddatda shikoyat kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid