Filippin vitse-prezidenti davlat rahbari uchun killer yollaganini aytdi
U agar o‘zini o‘ldirishsa, prezidentdan qasos olinishini ma’lum qildi.
Filippin vitse-prezidenti Sara Duterte agar o‘zi o‘ldirilsa, amaldagi prezident kenja Ferdinand Markosni o‘ldirish uchun qotil yollaganini aytdi. Uning so‘zlarini South China Morning Post keltirdi.
«Men unga (killerga) aytdim: «Agar ular meni o‘ldirishsa, prezident kenja Ferdinand Markosni, uning rafiqasi Mariya Luizani va Vakillar palatasi spikeri Martin Romualdesni o‘ldir, hammasini o‘ldirguncha to‘xtama. Bu hazil emas. Men allaqachon kelishib qo‘yganman», dedi vitse-prezident.
Nashrning yozishicha, Duterte hibsdagi o‘z apparati rahbari Zuleyka Lopesni Vakillar palatasi hibsxonasidan axloq tuzatish muassasasiga yuborish rejalariga shunday javob bergan. Duterte ushbu harakat hokimiyat tomonidan «qotillikka urinish» ekanligini aytgan.
Mahalliy GMA telekanalining xabar berishicha, siyosatchining bayonoti allaqachon prezident xavfsizlik qo‘mondonligi tomonidan o‘rganilmoqda. Qo‘mondonlik tahdidni «milliy xavfsizlik muammosi» deb hisobladi va «qat’iy xavfsizlik choralari» joriy etilganini ma’lum qildi. Senat raisi Frensis Eskudero vitse-prezident Dutertening so‘zlarini «chuqur tashvishli va noo‘rin» deb atadi.
Kenja Ferdinand Markos — Filippinning sobiq diktatori Ferdinand Markosning o‘g‘li - 2022 yilgi saylovda sobiq prezident Rodrigo Dutertening qizi Sara Dutertega raqib bo‘lgan edi. Keyinchalik kenja Markos prezident etib saylandi, Duterte esa vitse-prezident bo‘ldi.
Biroq, siyosatchilar o‘rtasidagi munosabatlar asta-sekin buzildi. 2024 yil bahorida prezident Dutertening ittifoqchisi Davao politsiyasi boshlig‘i Richard Badang hamda boshqa o‘nlab politsiyachilarni ishdan bo‘shatdi.