O‘zbekiston | 15:56 / 23.11.2024
4255
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini qurilish sohasida ishga olmoqchi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning Primorsk o‘lkasidagi yirik qurilish korxonalaridan biri – "Yav-Stroy" MChJ direktori o‘rinbosari Valeriy Vichujanin bilan muzokara o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Davlat rahbarining 2024 yil 17 oktyabrdagi "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida O‘zbekiston fuqarolarini ushbu korxonadagi bo‘sh ish o‘rinlariga qonuniy tarzda ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Valeriy Vichujanin hozirgi kunda korxona tomonidan Primorsk o‘lkasidagi "Semya", "Andersen", "Vesna" va "Izumrudnyy" kabi turar joy majmualari bunyod etilayotganini bildirdi. U ushbu qurilish obektlarida bir nechta mutaxassisliklar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari borligini va O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ishga qabul qilishga tayyorligini ta’kidladi.

Primorsk o‘lkasi vakillariga O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, vatandoshlarni qonuniy tartibda chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan muhim dasturlar haqida so‘zlab berildi.

Tomonlar mehnat migratsiyasi sohasidagi birgalikdagi ishlarni tez fursatlarda boshlashga kelishib oldilar.

Mavzuga oid