O‘zbekiston | 12:32 / 23.11.2024
1191
2 daqiqa o‘qiladi

Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi

O‘zbekiston elchixonasi rahbariyati Ummonning Janubiy ash-Sharqiya muhofazasi (viloyati) hokimi Yah’yo bin Badr al-Mavali bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Ummon munosabatlarining hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Janubiy ash-Sharqiya muhofazasi hokimiga Sirdaryo viloyati bilan hududlararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish,  ushbu masalalarni muhokama qilish maqsadida muhofaza delegatsiyasining yurtimizga tashrifini uyushtirish, ikki viloyat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish taklifi bildirildi.

Hokim Yah’yo bin Badr al-Mavali bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashini va mamlakatlarimiz o‘rtasida rivojlanib borayotgan aloqalarga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirdi. U, shuningdek, O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilish imkoniyatlari mavjudligini ham ta’kidladi.

O‘zbekiston diplomatlari, shuningdek, Ummon Savdo-sanoat palatasining Janubiy ash-Sharqiya muhofazasi boshqarmasi rahbari Anvar as-Sananiy va hudud tadbirkorlari bilan uchrashdilar. Unda O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit va investorlarga berilayotgan imkoniyatlar, mamlakatimizga sarmoya kiritishning afzalliklari borasida atroflicha ma’lumot berildi. Ummonlik tadbirkorlar O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishga chaqirildilar.

Muloqot yakunida joriy yilda Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston-Ummon biznes-forumini o‘tkazish yuzasidan ahdlashib olindi.

Mavzuga oid