Jahon | 13:35 / 26.11.2024
1391
2 daqiqa o‘qiladi

GSDP boshqaruvi Olaf Sholsni kanslerlikka nomzod qilib ko‘rsatdi

Germaniyaning amaldagi kansleri Shols fevral oyida bo‘lib o‘tadigan Bundestagga navbatdan tashqari saylovlarda Germaniya sotsial-demokratik partiyasi ro‘yxatida yana birinchi o‘rinni egallaydi. GSDP rahbariyati uning nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Foto: AP / Markus Schreiber

Amaldagi hukumat rahbari Olaf Shols Bundestagga navbatdan tashqari saylovlarda Germaniya sotsial-demokratik partiyasidan (GSDP) Germaniya federal kansleri lavozimiga nomzod bo‘ldi. Bu qaror partiya boshqaruvi yig‘ilishida keskin bahs-munozaralardan so‘ng bir ovozdan qabul qilindi, deya xabar bermoqda Germaniya axborot agentliklari 25 noyabr, dushanba kuni yig‘ilish ishtirokchilariga tayanib.

Bu qaror Sholsning partiyadoshi, saylovchilar orasida ancha yuqori reytingga ega bo‘lgan Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius o‘tgan hafta o‘z nomzodini ilgari surishdan bosh tortganidan keyin qabul qilindi. 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan partiya qurultoyida Sholsning nomzodi rasman tasdiqlanadi.

Germaniyada hukmron koalitsiya parchalanishi va erta saylovlar

6 noyabr kuni sotsial-demokrat Olaf Shols moliya vaziri, Erkin demokratik partiya (EDP) raisi Kristian Lindnerni ishdan bo‘shatishini ma’lum qildi. 7 noyabrga o‘tar kechasi EDPning deyarli barcha vazirlari o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqishlarini ma’lum qildi. Shunday qilib, Germaniyada GSDP, EDP va yashillardan iborat hukmron «svetofor koalitsiya» parchalandi.

Germaniyada 2025 yilning 23 fevralida yakunlari bo‘yicha yangi hukumat tuzilishi kerak bo‘ladigan Bundestagga muddatidan oldin saylovlar o‘tkaziladi.

Mavzuga oid