O‘zbekiston | 22:00 / 27.11.2024
3902
6 daqiqa o‘qiladi

27 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

9 oyda 35,8 trln so‘m taqchillik: Subsidiyalar va transfertlar tahlili, ish beruvchilar uchun yangilangan pensiya badallari tartibi, 30 saytni bloklagan Raqobat qo‘mitasi, kambag‘allikka qarshi kurash uchun rag‘batlantiriladigan faol nuroniylar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Davlat budjeti: 9 oylik natijalar

O‘zbekistonning 2024 yil 9 oylik davlat budjeti ijrosi tahlil qilindi. Konsolidatsiyalashgan budjetning taqchilligi 35,8 trln so‘mni yoki YaIMning 2,5 foizini tashkil etdi. Mahalliy budjetlardagi umumiy taqchillik 19,9 trln so‘mga yetgan.

Eng katta mahalliy budjet taqchilligi Andijon viloyatida qayd etilgan — 2,12 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona va Namangan viloyatlari.

Eng kam taqchillik esa odatdagidek, Navoiy viloyatida kuzatilgan — 581 mlrd so‘m.

2024 yilning uch choragida budjetdan 19,8 trln so‘m subsidiya ajratilgan.

Subsidiyaning yirik yo‘nalishlari quyidagilar:

Tabiiy gaz savdosidagi zararlarni qoplash — 9,5 trln so‘m.

Issiqlik ta’minoti korxonalariga — 2,5 trln so‘m.

Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga — 2,44 trln so‘m.

Jamg‘arib boriladigan pensiya badallari uchun yangi qoidalar

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank tomonidan ish beruvchilar uchun shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy pensiya badallarini to‘lash tartibini belgilaydigan nizom tasdiqlandi. Ushbu tartib ish beruvchilarga yangi mas’uliyatlar yuklaydi.

Asosiy tartib va majburiyatlarga ko‘ra, endi barcha ish beruvchilar (yuridik shaxslar) o‘z xodimlari uchun majburiy pensiya badallarini shaxsiy hisobvaraqlarga kiritishga majbur.

Pensiya badallari ish haqiga qo‘shib, daromad solig‘i to‘lash muddatlarida o‘tkaziladi.

Badallar to‘lovi to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus reyestrlar orqali «Xalq banki» filiallariga taqdim etiladi.

Reyestrda har bir xodimning familiyasi, ish haqi va badal summasi ko‘rsatilishi shart.

Har oyning 15-sanasiga qadar badallar bo‘yicha reyestrlar elektron hujjat sifatida shakllantirilib, Xalq banki filialiga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborilishi talab etiladi.

Faol keksalarga har oy 577 ming so‘m to‘lanadi

Prezidentning «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi bo‘yicha yangi qaroriga ko‘ra, har bir mahallada katta hayotiy tajribaga ega uch nafar keksa beshta kambag‘al oilaga biriktiriladi. Ular oilalarni kambag‘allikdan chiqarishda faol ishtirok etib, har oy 577,5 ming so‘m miqdorida rag‘bat puli oladi.

Qaror bo‘yicha keksalar quyidagi vazifalarni bajaradi:

  • Xonadon tomorqalaridan samarali foydalanishga yordamlashish, zarur uskunalarni bo‘lib to‘lash asosida ijaraga olishga ko‘maklashish.
  • Oila farzandlarini hunarmandlarga shogirdlikka topshirish va ta’lim olayotganlarni o‘quv jihozlari hamda sport kiyimlari bilan ta’minlash.
  • Kam harakatli turmush tarzini kamaytirish maqsadida piyoda yurish madaniyatini targ‘ib qilish.
  • Keksalar uchun sport tadbirlarini tashkil etish va ularni jismoniy tarbiyaga jalb qilish.

Faol nuroniylar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 50 foizi miqdorida oylik rag‘batlantiruvchi pul oladi. Shuningdek, keksalarni sportga jalb qilish maqsadida har bir mahallaga yiliga 10 million so‘m ajratiladi.

Bukmekerlik saytlariga qarshi choralar

Raqobat qo‘mitasi bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi veb-saytlarga qarshi qonunga muvofiq choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. Qo‘mita reklamaga oid qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Jumladan, 42 ta veb-saytga bloklash taklifi kiritilgan bo‘lib, 30 ga yaqini bloklangan.

Bloklangan saytlarning ro‘yxati e’lon qilinmagan, shuningdek, qolgan 12 ta saytning nega bloklanmagani haqida ma’lumot berilmagan.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasiga muvofiq, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning reklama qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu, shu jumladan, internet tarmog‘i orqali tashkil etiladigan qimor o‘yinlariga ham tegishlidir.

Qimorga sarflangan milliardlar

Samarqand shahrida tadbirkorga tegishli 6,4 milliard so‘mni internet qimor o‘yinlariga sarflagan hisobchi fosh etildi.

Bosh prokuratura huzuridagi departament tekshiruvi davomida MChJlardan birining hisobchisi bank elektron kalitlaridan foydalangan holda soxta hujjatlar tuzib, mablag‘larni o‘z nomiga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazib olgani va ushbu mablag‘larni internet qimor o‘yinlarida yutqazgani aniqlangan.

Hisobchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish va 228-moddasi — hujjatlarni qalbakilashtirish yoki ulardan noqonuniy foydalanish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid