Reuters: Tramp jamoasi Kim Chen In bilan muzokaralarni muhokama qilmoqda
Tramp vakillari AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash maqsadida Kim Chen In bilan bog‘lanish g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi Reuters.
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp jamoasi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni muhokama qilmoqda, chunki bu qurolli mojaro xavfini kamaytirishga yordam beradi. Bu haqda 26 noyabr, seshanba kuni Reuters agentligi Vashingtondagi «mavzudan xabardor» ikki manbaga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp jamoasidagi bir necha kishi Amerika va Shimoliy Koreya yetakchilari o‘rtasidagi mavjud to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalardan AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash va mamlakatlar o‘rtasidagi «muzni yorib yuborish» uchun foydalanilishini kutmoqda. Reuters agentligining qayd etishicha, Trampning KXDR yetakchisi bilan birinchi prezidentlik davridagi muloqoti o‘zaro haqorat bilan yakunlangan.
Bir necha kun oldin Donald Tramp Aleks Vongni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari etib tayinlashni rejalashtirayotganini e’lon qilgan edi. AQSh Davlat departamenti sobiq xodimi bir paytlar Vashington uchun diplomatik strategiya sifatida Tramp va Kim o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatish uchun lobbichilik qilgan va bu dastlab muvaffaqiyatli natijalarga olib kelgan.
Shu bilan birga, Shimoliy Koreya Tramp o‘rniga prezidentlik lavozimini egallagan Jo Baydenning munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha barcha chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirdi.
Tramp va Kim – qo‘l berib ko‘rishishdan tortib haqoratgacha
Shuningdek, Kim Chen In Trampning aloqani qayta tiklashga urinishlariga qanday munosabatda bo‘lishi ham noma’lum, deya qayd etadi Reuters. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta oldin Shimoliy Koreya rahbari Pxenyandagi harbiy ko‘rgazmadagi nutqi chog‘ida mamlakat «Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralarda imkoni boricha uzoqqa borgani»ni, ammo Vashington go‘yoki o‘z siyosatini o‘zgartirishni istamaganini, shuning uchun KXDR va AQSh termoyadro urushiga yaqin ekanini aytgan.
Shu bilan birga, Tramp rasmiy uchrashuvlar davomida KXDRning yuqori martabali vakillari bilan shaxsan uchrashgan kam sonli Amerika prezidentlaridan biridir. Prezident sifatidagi birinchi muddati davomida u 2018 yilda Singapurda Kim bilan muzokaralar o‘tkazgan, bir yildan so‘ng esa Xanoyda yetakchilarning ikkinchi rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. KXDR yetakchisi bilan uchinchi uchrashuvi uchun Tramp 2019 yilning yozida Shimoliy va Janubiy Koreya chegarasidagi qurolsizlantirilgan hududga tashrif buyurgan edi.
Tramp Shimoliy Koreya bilan mamlakatni yadrosizlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish maqsadini qo‘ygan edi, biroq bu g‘oya muvaffaqiyatli bo‘lmadi. 2019 yilning kuzida Pxenyan Qo‘shma Shtatlarni muzokaralarda muvaffaqiyatsizlikka uchraganlikda aybladi, Tramp esa Kim Chen Inni tanqid qildi va «va’da qilinganidek yadrosizlanishni amalga oshirishni» talab qildi. Shimoliy Koreyaning yuqori martabali amaldori Kim Yong Chol bunga javoban Amerika yetakchisini «sabrsiz chol» deb atadi. Keyinchalik mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar faqat yomonlashdi.
Mavzuga oid
16:18
“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi
09:53
Grenlandiya bosh vaziri Trampning orolni AQShga sotish g‘oyasini rad etdi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
17:01 / 23.12.2024