Jahon | 22:46 / 28.11.2024
4188
2 daqiqa o‘qiladi

Dubayda suzib yuruvchi politsiya uchastkasi ish boshlaydi

Suzuvchi Smart Police Station bo‘linmasi yaxtalar, kemalar va suv sport turlarini yaxshi ko‘ruvchilar uchun maxsus ishlab chiqarilgan. U yo‘qolgan buyumlarni topish va ruxsatnomalar berish kabi 33 ta qo‘shimcha xizmatni ham taqdim etadi.

Foto: WAM

Dubay politsiyasi 2026 yil oxiriga qadar Yaqin Sharqda birinchilardan bo‘lib Smart Police Station (SPS) — suzadigan aqlli politsiya uchastkasini ishga tushirish rejasini ma’lum qildi.

Ushbu tashabbus Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktumning 2 milliard dirhamlik strategik loyihasining bir qismi hisoblanadi va amirlikni dunyodagi eng aqlli hamda baxtli shaharga aylantirish borasidagi rejalarga mos keladi.

Podpolkovnik Feysal Al Tamimining ta’kidlashicha, suzuvchi SPS yaxtalar, kemalar va suv sport turlarini yaxshi ko‘ruvchilar uchun maxsus ishlab chiqarilgan.

Bo‘linma jinoyatlar va yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari to‘g‘risida xabar berish kabi 27 ta asosiy hamda yo‘qolgan buyumlarni topish va ruxsatnomalar berish kabi 33 ta qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etadi. Barcha xizmatlar to‘liq avtomatlashtirilgan va kunu tun oltita tilda ko‘rsatiladi.

Uchastkada ishni optimallashtirish, an’anaviy servis markazlariga bog‘liqlikni kamaytirish va samaradorlikni oshirish maqsadida ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalari va robototexnikadan foydalaniladi.

Suzib yuruvchi mazkur uchastka Dubaydagi SPS modellarining to‘rtinchi versiyasiga aylanadi — ular ichidan Drive-Thru va Walk-In formatlari ham o‘rin olgan. Mazkur innovatsiyalar xavfsizlik darajasini oshirish, hayot sifatni yaxshilash va aholiga yuqori texnologik xizmatlarni taqdim etishga qaratilgan.

Mavzuga oid