Jahon | 15:53 / 28.11.2024
1167
3 daqiqa o‘qiladi

Fon der Lyayyen mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi

Yevroparlamentda Yevrokomissiyaning yangi tarkibi tasdiqlanishidan oldin so‘zga chiqqan YeK rahbari mudofaa sanoati va xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Ursula fon der Lyayyen Foto: Mathieu Cugnot/European Union 2024/EP

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi davlatlarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan harbiy agressiyasini hisobga olib, mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi. Rossiya yalpi ichki mahsulotining 9 foizini harbiy ehtiyojlar uchun, YeI esa bor-yo‘g‘i 1,9 foizini sarflaydi, dedi u 27 noyabr, chorshanba kuni Strasburgdagi Yevroparlament oldida YeI rahbari sifatida kelgusi besh yilda o‘zining ustuvor vazifalari yuzasidan so‘zlagan nutqida.

«Ushbu «tenglama»da nomuvofiqliklar bor, bizning mudofaa xarajatlarimiz oshishi kerak», dedi u. Fon der Lyayyen fikricha, buning uchun mudofaa sanoatini kuchaytirish va Yevropa xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kerak.

YeI mudofaa strategiyasi 100 kun ichida taqdim etiladi

Shu sababli u Litva sobiq bosh vaziri Andryus Kubilyusni Yevropa Ittifoqining mudofaa bo‘yicha birinchi komissari, Estoniya sobiq bosh vaziri Kaya Kallasni esa Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili etib tayinladi, deya qo‘shimcha qildi YeK rahbari. Kubilyus va Kallas o‘z lavozimlarida dastlabki 100 kun ichida mudofaa sohasidagi strategik hujjatni taqdim etish niyatida.

YeI rahbarining ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi vaqtni behuda sarflashga haqqi yo‘q va uning mudofaa masalalari bo‘yicha choralari tahdidlar qanchalik jiddiy bo‘lsa, shunchalik ambitsiyali bo‘lishi kerak. «Sizni ishontirib aytamanki, Yevropa xavfsizligi doimo ushbu komissiyaning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi», dedi fon der Lyayyen.

Ursula fon der Lyayyenning nutqidan so‘ng Yevroparlament Yevrokomissiyaning yangi tarkibini qo‘llab-quvvatladi, yangi Yevropa komissarlari o‘z vazifalarini 1 dekabrdan boshlaydilar.

Avvalroq Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining keyingi 10 yil ichida xavfsizlikka qo‘shimcha ehtiyojlarini 500 milliard yevroga baholagan edi. Biroq, bu tashabbus qanday moliyalashtirilishi mumkinligi hozircha aniq emas.

Mavzuga oid