29 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
3 yoshli go‘dakning qotiliga 24 yil qamoq, Oqqo‘rg‘onda kaltaklangan o‘quvchi, tarixiy rekordni yangilagan dollar kursi va temiryo‘l transporti to‘g‘risida yangi qonun — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Go‘dakning qotiliga 24 yil qamoq jazosi
Toshkent shahrida 3 yoshli bolaning vahshiylarcha o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. 31 yoshli sudlanuvchi S.M. Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish, inson hayotiga tajovuz qilish va qonunga xilof ravishda moddalar saqlash kabi bir necha moddalari bilan aybdor deb topildi.
U 24 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazoning dastlabki 4 yili turmada, qolgan qismi esa qattiq tartibli koloniyalarda o‘tadi.
Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat sodir etilgan paytda sudlanuvchi giyohvandlik moddalari ta’siri ostida bo‘lgan. U birga yashagan ayolning 3 yoshli o‘g‘lini o‘z qo‘li bilan o‘ldirgan. Bola uxlayotgan vaqtida uning yuziga yig‘ma pichoq bilan ko‘plab jarohat yetkazgan.
Sud jarayonida qotil voqeani eslay olmasligini aytgan, biroq ekspertizalar uning aqli raso ekanini tasdiqlagan.
Maktabdagi zo‘ravonlik bolalar ombudsmani nazoratiga olindi
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida informatika o‘qituvchisi 9-sinf o‘quvchisini kaltaklagani haqidagi videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olgani va tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangani ma’lum qilindi.
Tekshiruvga ko‘ra, 6-umumta’lim maktabidagi o‘qituvchi o‘quvchini dars paytida chalg‘itganlik aybi bilan haqorat qilib, uni urgan.
Hodisa 9 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Jabrlangan o‘quvchiga jarohat darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani maktablarda bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishni taklif etmoqda.
Dollar kursi tarixiy rekordni yangiladi
O‘zbekistonda dollar kursi ilk bor 12 ming 925 so‘mga yetdi. 29 noyabrdan boshlab rasmiy kurs 12 ming 865 so‘m qilib belgilandi. Bu o‘tgan kundan 16,67 so‘mga yuqori. 2024 yil boshidan buyon o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan 4,26 foizga qadrsizlangan.
Rasmiy kurs yil davomida bir necha marotaba oshdi: aprelda 12 ming 700 so‘mdan, oktyabrda 12 ming 800 so‘mdan oshgan edi. Milliy valuta qadrsizlanishi inflatsiyaga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, 2025-2027 yillarga dollar kursiga oid prognozlar e’lon qilingan: 2025 yilda o‘rtacha 13 ming 250 so‘m, 2026 yilda 13 ming 725 so‘m, 2027 yilda esa 14 ming 150 so‘m bo‘lishi kutilmoqda.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning ta’kidlashicha, valuta kursining 1 foiz qadrsizlanishi inflatsiyaga 0,3-0,4 foiz ta’sir o‘tkazadi. Milliy valuta 2022 yilda 3,94 foizga, 2023 yilda esa 9,7 foizga qadrsizlangan edi.
Temiryo‘l transporti to‘g‘risida yangi qonun
Temir yo‘l transporti sohasini tartibga soluvchi qonun prezident tomonidan imzolandi. Unda temiryo‘l transporti faoliyatining qonuniylik, xavfsizlik, ekologik tozalik va ochiqlik kabi asosiy prinsiplari belgilandi.
Davlat organlari temiryo‘l xodimlarining ishiga aralashishi taqiqlandi. Qatnovlar ichki, xalqaro, tranzit va maxsus turlarga bo‘lindi.
Qonun yo‘lovchilarga besh yoshgacha bo‘lgan bolalar, 36 kg qo‘l yuki va nogironlar uchun zarur texnik vositalarni bepul tashish huquqini berdi. Tariflar yo‘lovchi, yuk, bagaj va pochta tashish uchun alohida belgilanadi.
Toshkent vaqti yagona hisoblash vaqti sifatida qabul qilindi. Qonunning katta qismi 2025 yilning 1 yanvaridan, qolgan qismi esa olti oy ichida kuchga kiradi.
Mehnat bozorida talabgor kasblar
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, savdo sohasi mutaxassislari mehnat bozorida eng talabgor hisoblanadi.
Jumladan, onlayn savdo sohasida faoliyat yurituvchilarga ehtiyoj yuqori. Savdo korxonalarining ulushi respublika bo‘yicha 32,5 foizni tashkil etgani bu talabni asoslaydi.
Qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida ham talab yuqori. Mexaniklar, agronomlar, traktor haydovchilari kabi mutaxassislarga ehtiyoj sezilarli. Shuningdek, tikuvchilar va to‘quvchilarga talab oshgan.
Ta’lim sohasida chet tillar, matematika va IT o‘qituvchilari eng talabgorlar qatoridan o‘rin oldi. Davlat va xususiy sektorlarda esa buxgalterlar, marketologlar, IT dasturchilar va kadrlar bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj saqlanib qolmoqda.
Malaka talab etmaydigan farrosh va bog‘bonlarga bo‘lgan talab yuqoriligi ham qo‘nimsizlik darajasi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Institut kasblar doirasini kengaytirishni va natijalarni jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan.
Mavzuga oid
21:14 / 23.12.2024
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024
20 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:30 / 19.12.2024
19 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:10 / 18.12.2024