Jahon | 16:09 / 30.11.2024
2373
4 daqiqa o‘qiladi

Parijdagi mashhur Notr-Dam soborida 5 yillik restavratsiya yakunlandi - suratlar

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron soborni borib ko‘rdi. Uning aytishicha, ibodatxona go‘yo qaytadan yaratilgandek, juda ulug‘vor ko‘rinadi. Rasmiy ochilishi marosimi 7 dekabrda o‘tkaziladi.

Dunyodagi eng mashhur ibodatxonalardan biri va Parijning ramzi bo‘lgan Notr-Dam sobori besh yildan ortiq davom etgan ta’mirlash ishlaridan so‘ng qayta ochilishga tayyor. Ibodatxonada 2019 yilda vayronkor yong‘in yuz bergandi. 29 noyabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kameralar kuzatuvida ibodatxonani ziyorat qildi. BBC yangilangan ziyoratgohning ilk tasvirlari bilan bo‘lishdi.

Notr-Dam ibodatxonasining rasmiy ochilishi 7 dekabrga belgilangan. Marosim katta tantana bilan o‘tkazilishi kutilmoqda.

Foto: Reuters
Foto: AFP
Foto: STEPHANE DE SAKUTIN/POOL/AFP

Ibodatxona bo‘ylab sayrda Makronga rafiqasi Brijit va Parij arxiyepiskopi Loran Ulrix hamrohlik qildi. Yong‘in sodir bo‘lgan kuni Fransiya prezidenti tarixiy binoni to‘liq qayta tiklash va bu ishni o‘z prezidentligi davrida amalga oshirishga va’da bergandi. Ko‘p yillik ta’mirlash ishlari davomida u qurilishga bir necha bor tashrif buyurib, jarayonni nazorat qildi.

Parij soborining eng mashhur xususiyatlaridan biri ulkan atirgul shaklida ishlangan vitrajli derazalardir. Derazalarning asl nusxalari XIII asrga borib taqaladi, biroq ularning faqat bir qismi shu kungacha yetib kelgan. Ko‘plab vitrajlar oldingi yong‘inlarda yo‘q qilingan. Oxirgi yong‘inda nechta deraza qanchalik zarar ko‘rgani haqida to‘liq ma’lumot yo‘q, ammo tasvirlarda ularning bir qismini ko‘rish mumkin.

Foto: STEPHANE DE SAKUTIN/POOL/AFP

Restavratsiya ishlarining belgilangan muddatda yakunlanishi binoni besh yilda tiklashni va’da qilgan Emmanuel Makronning shaxsiy g‘alabasi bo‘ldi. Uning aytishicha, ibodatxona go‘yo qaytadan yaratilgandek, juda ulug‘vor ko‘rinmoqda.

Ibodatxonani ta’mirlash mamlakatga 700 million yevroga tushdi. Bu mablag‘ning bir qismini xususiy sarmoyadorlar taqdim etgan. Loyiha me’morlarining aytishicha, tom yopish ishlari uchun kerakli yog‘och, asosan eman, butun Fransiya bo‘ylab yig‘ilgan. Ibodatxonaning aynan shu qismi - tom va minora qayta tiklashda eng katta muammo bo‘lgan. Ishlarga 250 ta qurilish kompaniyasi va yuzlab mutaxassislar jalb etildi.

Foto: EPA 
Foto: CHRISTOPHE PETIT TESSON/POOL/AFP

2019 yilgi yong‘in

Parijdagi ibodatxonada 2019 yil 15 aprel kuni katta yong‘in sodir bo‘ldi. Olov ibodatxonaning tomini, soat va minorani, shuningdek, konstruksiyaning yog‘och qismlarini yo‘q qildi. 500 dan ortiq o‘t o‘chiruvchilar to‘qqiz soatdan ko‘proq vaqt davomida alanga bilan kurashdi.

Bugun Notr-Dam ibodatxonasining mashhur minorasi yana Parij uzra qad ko‘tarib turibdi. Minora dastlab XII asrda qurilgan. Ibodatxonaning ko‘p asrlik qurilish va qayta qurish tarixi davomida u bir qancha o‘zgarishlarga uchradi. Jumladan, Fransiya inqilobi paytida buzib tashlanib, 1860 yillarda qayta tiklandi. Minoraning balandligi 96 metrni tashkil etadi.

Xabarlarga ko‘ra, yaqin kunlarda soborga investorlarning maxsus buyurtmasi bo‘yicha tayyorlangan mebellar yetkazib beriladi. Intererning qolgan qismlari yaltirab turadigan darajada tozalanib, 7 dekabrdagi tantanali ochilish marosimi va yaqinlashib kelayotgan Rojdestvo ibodatlariga tayyor holga keltirilgan.

Mavzuga oid