Suriyaning Halab shahri isyonchilar tomonidan deyarli butunlay bosib olindi
«Hayat Tahrir ash-Shom» radikal guruhi jangarilari 24 soatdan kamroq vaqt ichida Halab markaziga bostirib kirdi, deb xabar bermoqda axborot agentliklari.
Suriyaning «Hayat Tahrir ash-Shom» (Hsh) radikal guruhi jangarilari va ularning ittifoqchilari tezkor hujum natijasida Halab shahrining kamida yarmini egallab oldi, deya xabar bermoqda Suriya Inson huquqlari observatoriyasi 30 noyabr, shanba kuni ertalab. Uning rahbari Abdel Rahmonga ko‘ra, Suriya hukumat qo‘shinlari deyarli hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan shaharni tark etgan. Biroq AP agentligining xabar berishicha, kuni kecha Halabning g‘arbiy chekkasida shiddatli janglar bo‘lgan.
Anadolu agentligi xabariga ko‘ra, muxolifat kuchlari Halab markaziga g‘arbdan kirib kelgan. 10 ming fuqaro Halab janubidagi Idlib viloyatiga qochib chiqib ketdi. Sky News Arabia telekanali o‘z manbasiga tayanib, jangarilar janubiy, g‘arbiy va shimoliy jabhalarda hujumlarini davom ettirayotgani, Ar-Rashiddin hududiga kirib kelgani, Halab g‘arbidagi tadqiqot markazini egallab olgani va hozir shaharga janubdan ham yaqinlashganini yozdi.
Kremlparast VChK-OGPU Telegram-kanaliga ko‘ra, 29 noyabr oqshomida Halab deyarli to‘liq Hsh va uning ittifoqchilari nazoratiga o‘tgan, jangarilar allaqachon shahar markazida bo‘lib, g‘alabani nishonlamoqda va mushakbozlik uyushtirmoqda. Suriya hukumati 2016 yil oxirida bir necha oy davom etgan qonli janglardan so‘ng mamlakatning poytaxt Damashqdan keyingi ikkinchi yirik shahri Halab ustidan nazoratni tiklagandi.
Suriyalik isyonchilar katta hujum boshladi
Suriyaning «Hayat Tahrir ash-Shom» (Hsh) guruhi jangarilari va ularning boshqa guruhlardagi ittifoqchilari bir kun avval boshlangan hujum davomida 28 noyabr kuni Halab viloyatida bir qator muhim pozitsiyalarni egallab oldi. Hsh radikal guruh bo‘lib, avval «Al-Qoida»ning Suriyadagi bo‘limi bo‘lgan «Jabhat an-Nusra»dan ajralib chiqqan. Guruh ko‘plab mamlakatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.
Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, janglarda 121 jangari va hukumatga qarashli Suriya arab armiyasidan (SAA) 61 askar halok bo‘lgan. Tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlar bor. Qayd etilishicha, hujumchilar qurol-yarog‘ omborlari va zirhli mashinalarni egallab olgan.
Reuters agentligi hukumat armiyasidagi manbaga tayanib xabar berishicha, jangarilar Halab shahri chekkasidan 10 km, Nubla va Zahrodan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan — ular asosan shialar yashaydigan ikki shahar bo‘lib, u yerda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Hizbulloh» Livan harakati kuchlari joylashgan. Jangarilar Halab sharqidagi Nayrab aviabazasiga ham hujum qilgan. AR axborot agentligi xabariga ko‘ra, ular Halabni Damashq bilan bog‘lovchi muhim M5 magistralini to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘lishgan. Turkiyaning Anadolu agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 28 noyabrga qadar jangarilar 32 ta aholi punktidan SAA bo‘linmalarini siqib chiqarishga va umumiy maydoni 245 kvadrat kilometr bo‘lgan hududni egallashga muvaffaq bo‘lishgan.
Mavzuga oid
21:08 / 25.12.2024
The Telegraph: Suriya sobiq prezidentining rafiqasi Asma Asad leykoz tufayli boshqalardan izolyatsiya qilindi
20:48 / 25.12.2024
Erdo‘g‘an Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini «ko‘mishga» va’da berdi
19:47 / 25.12.2024
Al-Jo‘laniy isyonchi guruhlar qurollarini tashlashga roziligini e’lon qildi
12:10 / 25.12.2024