Koreyscha xaos: prezident «o‘z oyog‘iga bolta urdi»
Janubiy Koreya prezidenti bo‘lish dunyodagi eng tavakalli ishlardan biri. Yo‘q, hazil emas, rostdan shunaqa. Siz «Mo‘jiza sodir bo‘lmaydi» degan buyuk kitobni yozgan, Seulni obod qilgan Li Myon Bak bo‘lsangiz ham, ishdan ketgach qamalishingiz mumkin. Yoki Koreya tarixidagi yagona ayol prezident ekaningiz ham sizni qamoqdan saqlab qololmaydi. Bejizga emas. «Jumong» filmidagi koreyslar o‘ylab topilmagan, ular chindan juda qiziqqon xalq bo‘ladi va xatolarni kechirmaydi.
Koreyaning qaysi prezidentiga qarasangiz, yo ishdan haydalgan yoki o‘zi iste’fo so‘ragan; yo qamalgan yoki impichmentga aralashgan. Hech bo‘lmasa ishdan ketganidan keyin mahkamaga tortilgan. Mun Che In kabi eson-omon ishdan ketganlar esa barmoq bilan sanarli. Katta ehtimol, hozirgi prezident Yun Sok Yolni ham shunday taqdir kutmoqda. Bu inson, aftidan, qattiq asabiylashish ta’sirida juda g‘alati qaror qabul qildi.
Prezident parlamentga qarshi
Janubiy Koreya prezidentlik respublikasi bo‘lsa-da, parlamentning davlat boshqaruvida ta’siri juda katta. Qaysidir ma’noda bu borada Seuldagi boshqaruv AQShdagiga o‘xshab ketadi. Prezident partiyasi parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilmasa, davlat bir yerda depsinib turaveradi. Koreyada hozir shunaqa holat, parlamentda prezident partiyasida ko‘pchilik yo‘q. U parlament chiqargan qonunlarni qabul qilmaydi, o‘z navbatida prezidentga muxolif bo‘lgan partiya prezident tashabbuslarini qo‘llamaydi.
Shu tariqa Koreyada prezident va parlament o‘rtasida taqsimlangan hukumatda vaziyat ajrashish ostonasidagi er-xotin holatini eslatayotgandi. Nihoyat, tomonlardan biri «yorildi».
Prezident Yol Koreyada harbiy holat e’lon qildi. Harbiy komendaturaga bir generalni rahbar etib tayinladi, barcha siyosiy faoliyatni chekladi va OAV uchun senzura e’lon qildi. Hatto Seul ko‘chalarida tanklar yura boshladi. Parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘lmagan prezident uchun bu ish o‘z oyog‘iga bolta urish hisoblanadi. Parlament deputatlari tunda bo‘lsa ham parlament binosiga amallab kirib, harbiy holatni bekor qildi. Amaldagi prezident qarori uning partiyasida ham qabul qilinmadi. Shu tariqa harbiy holat bekor bo‘ldi.
Qizig‘i, prezident mamlakatda harbiy holat e’lon qilinishining sababini Shimoliy Koreyadan kelayotgan xavf bilan bog‘ladi. Uning so‘zlaridan kelib chiqadiki, parlamentda Shimolni qo‘llaydigan kuchlar paydo bo‘lgan. Lekin bu gapiga asos keltirmagan, bunga ishonish ham qiyin.
Endi parlament prezident o‘zi iste’foga chiqmasa, unga qarshi impichment e’lon qilinishi bilan tahdid qilmoqda. Tongga borib prezident ma’muriyati to‘liq tarkibda iste’foga chiqdi. Prezident parlament va muxolifatga shunchalik jiddiy ayblovlar qo‘ydiki, endi prezidentlikka qaytishi imkonsiz masala. U eng yaxshi holatda impichment yoki iste’fo bilan qutulib qolishi mumkin. Eng yomon holatda esa qamaladi. Axir uni davlatga xiyonatda ayblashmoqda!
Nega bunday bo‘ldi?
Koreya prezidenti amalda butun mamlakatga, koreys xalqiga qarshi borib harbiy holat e’lon qilish orqali hammaga o‘z hukmini o‘tkazishga urindi. Bunaqasi Koreya yarimorolining shimolida o‘tib ketaverishi mumkin, lekin janubda bunga yo‘l qo‘yishmaydi. Janubdagi koreyslar avvaliga Yaponiya bosqinini bartaraf etishda, keyin Shimol bilan qonli janglarda juda ko‘p qurbon berdi. O‘tgan asr o‘rtasida ham hech vaqosiz, qashshoq, yeyishga noni bo‘lmagan davlat hech qanday tabiiy boyliklarsiz, o‘zini yo‘q qilishga tayyor to‘liq militarizatsiya qilingan davlatga qo‘shni bo‘lgan holatda mehnati bilan dunyoning texnologik gigantiga aylandi. Ilm-fanning kuchini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ygan koreyslarga bunaqa ibtidoiy feodallik o‘tmaydi.
Parlamentni harbiylardan himoya qilgan deputatlar, yarim tunda o‘z jonini xatarga qo‘yib favqulodda yig‘ilishga yetib borgan parlament a’zolari koreyslar o‘z intellektlari bilan yaratilgan ajoyib davlatni odamlarga qarshi boradigan kuchlarga berib qo‘ymasliklarini ko‘rsatishdi. Ha azizlar, romantik seriallar ishlashni yaxshi ko‘radigan koreyslar kerak vaqtda bilaklarining kuchini ham ko‘rsata olishadi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
19:15 / 23.12.2024
KXDR Rossiya-Ukraina urushida mingdan ortiq harbiysidan ayrilgani ma’lum qilindi
16:31 / 18.12.2024
Isyonda ayblanayotgan Janubiy Koreya prezidenti politsiya so‘roqiga kelmadi
21:54 / 17.12.2024
Janubiy Koreya Toshkent-Samarqand temiryo‘lining yangi tarmog‘ini loyihalashtirishni boshladi
16:45 / 17.12.2024