O‘zbekiston | 21:49 / 06.12.2024
5647
6 daqiqa o‘qiladi

6 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Prezidentning Bo‘stonliq tumaniga safari, Dubayda politsiya ushlagan o‘zbekistonliklar, «Yo‘ldan ko‘tarilgan zebra» uchun yangi yo‘l belgisi va turkman gazi bo‘yicha yangi kelishuvlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezidentning Bo‘stonliq tumaniga safari

6 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent – Xo‘jakent» yo‘nalishida yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi. Yangi poyezd kuniga har tarafga 3 marta qatnaydi va soatiga 120 km tezlikda harakatlanadi. 586 o‘rindiqli shinam vagonlar yong‘in xavfsizligi tizimi va ma’lumot tablolari bilan jihozlangan.

Shuningdek, temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va uning atrofini renovatsiya qilish bo‘yicha 2025 yilgacha rejalar belgilandi.

Poyezdga minib Bo‘stonliq tumaniga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev tumanda turizm salohiyatini oshirish maqsadida qurilayotgan «Chorvoq darvozasi» va «Ugam River» majmualari bilan tanishdi.

Ushbu majmua kuniga 5 ming kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Binolar quyosh panellari bilan jihozlanadi va ekologiyaga alohida e’tibor beriladi.

«Ugam River» loyihasi 1 trln so‘mlik sarmoya bilan amalga oshirilmoqda. Bu maskan yiliga 200 ming sayyohni qabul qiladi. Boshqa tumanlarda ham shunday majmualar loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident «Ugam-1» kichik gidroelektr stansiyasi bilan tanishdi. Quvvati 1,48 megavatt bo‘lgan stansiya yiliga 11,8 million kWh elektr energiyasini ishlab chiqaradi va 5 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. 2030 yilga qadar hududda 6 ming megavatt quvvatga ega GESlar barpo etish belgilangan.

Dubayda 9 nafar o‘zbekistonlik ushlandi

BAAda 9 o‘zbekistonlik qo‘lga olindi, ular bilan aloqa uzilgan. 25 noyabr kuni Dubaydagi ijara uyidan O‘zbekiston fuqarolari politsiya tomonidan olib ketilgan. Hozirgacha ushlanganlar bilan hech kim aloqaga chiqa olmayapti. O‘zbekistonning Tashqi ishlar vazirligi BAAga nota yuborgan va javob kutilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi ushlanganlar soni 9 nafar ekanini tasdiqladi. Dubaydagi konsullik masala bo‘yicha advokat yollagan. Holatning BAAdagi isroillik ravvinning o‘ldirilishiga oid tergov bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli o‘rganilmoqda.

Murojaat qilganlarning biri Dubayda ushlangan ukasi qonuniy asosda ishlayotganini aytgan. Ammo politsiya tomonidan hech qanday rasmiy izoh berilmagan. O‘zbekiston konsulxonasi muammoni hal etish uchun ish olib bormoqda.

«Yo‘ldan ko‘tarilgan zebra» yo‘l belgisi

Piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun yangi yo‘l belgisi joriy etiladi. Yo‘l harakati qoidalariga «Baland piyodalar o‘tish joyi» deb nomlangan yangi yo‘l belgisi kiritildi. Belgi piyodalar xavfsizligini oshirish uchun aholi ko‘p bo‘ladigan joylarda o‘rnatiladi.

Shaharlar va aholi punktlari ko‘chalarida, ta’lim muassasalari, bolalar maydonchalari, vokzallar, bozorlar va savdo markazlari, stadionlar va yuqori tezlik soatiga 30 kilometrgacha belgilangan yo‘l uchastkalarida ushbu belgi qo‘yiladi.

Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligi 2025–2026 yillarda belgini o‘rnatish zarur bo‘lgan joylarni ro‘yxatga olish ustida ishlaydi. Yangi qoida bolalar, piyodalar va haydovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

 

 

Turkman gazi bo‘yicha yangi kelishuvlar

Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni oshiradi. 5 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida gaz sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi.

Tomonlar turkman gazini O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini oshirish va qo‘shma gaz loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.

Shuningdek, muloqotda Markaziy Osiyodagi suv muammosini xalqaro huquq normalari asosida hal etish zarurligi qayd etildi. Turkmaniston bu masalada BMT ishtirokini muhim deb hisoblaydi. O‘zbekiston va Turkmaniston bu boradagi yondashuvlari o‘xshashligini tasdiqladi.

Oktyabr oyi oxirida Turkmaniston Rossiyaga gaz eksportini to‘xtatgani ma’lum bo‘lgandi, chunki “Turkmengaz” va “Gazprom” o‘rtasida narx bo‘yicha kelishuvga erishilmagan edi. Bu vaqtda “TAPI” gaz quvurining Afg‘oniston orqali o‘tkazish qismi qurilishi boshlandi.

160 milliard so‘mlik noqonuniy elektr va gaz

Noyabr oyida O‘zbekistonda 160 milliard so‘mlik gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. «O‘zenergoinspeksiya» ma’lumotiga ko‘ra, 70 mlrd so‘mlik 24 mln metr kub gaz va 90 mlrd so‘mlik 38,6 mln kWh elektr energiyasi qonunbuzarlik sodir etilgan holda ishlatilgan.

Qoidalarni buzish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 876 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Shuningdek, 4583 iste’molchiga energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan.

«Hududgazta’minot» ma’lum qilishicha, noyabr oyida qariyb 3 ming marta tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati qayd etilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha 97,1 mlrd so‘mlik 42,4 mln metr kub gaz hajmi qayta hisoblangan.

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha mutasaddilar tadbirlarni kuchaytirishda davom etmoqda.

Mavzuga oid