O‘zbekiston | 08:10 / 06.12.2024
1473
1 daqiqa o‘qiladi

Noyabrda 160 mlrd so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanildi

Noyabr oyida 1614 ta iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy va qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. 

Foto: Hududgazta’minot

“O‘zenergoinspeksiya” ma’lum qilishicha, 24,1 mln metr kub tabiiy gaz (70,1 mlrd so‘m) va 38,6 mln kilovatt/soat elektr energiyasidan (90,4 mlrd so‘m) noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga jami 160,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 876 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. 

Yoqilg‘i energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha 4 583 ta iste’molchilarga profilaktika tadbiri o‘tkazildi.

“Hududgazta’minot”ga ko‘ra, noyabr oyida 2,9 mingta tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Mazkur holatlar bo‘yicha jami 97,1 mlrd so‘mlik 42,4 mln kub metr tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilingan.

Mavzuga oid