O‘zbekiston | 12:11 / 06.12.2024
2599
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kuz mavsumi odatdagidan biroz iliqroq bo‘ldi

O‘tgan noyabr oyi odatdagidan issiqroq, lekin avvalgi yilning noyabridan sovuqroq bo‘ldi. Umuman olganda, 2024 yilning kuz fasli normadan biroz iliqroq bo‘ldi, deya qayd etdi O‘zgidromet.

Foto: Kun.uz

Bu yil noyabr oyi odatdagidan 1,5−2 daraja iliqroq, biroq O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng iliq bo‘lgan o‘tgan yilning noyabridan sovuqroq (3−4 daraja) bo‘ldi.

O‘zgidromet sharhiga ko‘ra, 2024 yil noyabrida iliq va sovuq to‘lqinlar almashib turdi, biroq iliq to‘lqinlar sovuq to‘lqinlarga nisbatan jadalroq va davomiyroq bo‘ldi. Oy o‘rtasida eng sezilarli, ammo qisqa muddatli sovuq (4−5 darajaga) kuzatildi.

Kechasi havo harorati mamlakatning aksariyat hududlarida 0…-4 darajagacha, shimolda −6…−9 darajagacha pasaydi.

Eng yuqori havo harorati oyning birinchi besh kunida kuzatildi. Kunduzi havo +20…+25 darajagacha, ayrim joylarda +27, janubda +29…+31 darajagacha isidi.

Noyabr oyida haroratning maksimal va, ayniqsa, minimal qiymatlari o‘zining ekstremal qiymatlaridan uzoq bo‘ldi, deya ta’kidlanadi sharhda.

Bu davrda yomg‘ir kam yog‘di. Ba’zi kunlarda (5−6 noyabr, 13 noyabr, 20−21 noyabr, 30 noyabr) yomg‘ir sezilarli jadallikda kuzatildi.

Chimyon, Oygaing va Kul meteostansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, 5−6 noyabrda yog‘ib o‘tgan yog‘ingarchilik kuzatuvlar tarixi uchun rekord bo‘lgan.

Umuman olganda, oy uchun yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 1,5−2 marta ko‘p bo‘lgan, faqat shimoli-g‘arbiy hududlarda, cho‘l zonasida va eng chekka janubda taqchillik yuz bergan.

2024 yilning kuz mavsumi respublika hududining katta qismida harorat tartibi bo‘yicha me’yorga nisbatan biroz iliq, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘ldi.

Mavzuga oid