Putin Kursk oblasti gubernatorini almashtirdi
2024 yil avgust oyida Ukraina qurolli kuchlari qisman okkupatsiya qilgan Kursk oblastida bahordan buyon uchinchi marta gubernator almashdi. Sentyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozongan Smirnov o‘rnini sobiq jurnalist va taniqli deputat Aleksandr Xinshteyn egalladi. U haqda nimalar ma’lum va iste’foning Ukraina bilan urushga qanday aloqasi bor?
Kursk oblasti rahbari o‘zgargani haqida payshanba kuni kechqurun ma’lum bo‘ldi. Axborot agentliklari Vladimir Putin oblast boshqaruviga 50 yoshli Aleksandr Xinshteyn nomzodini taklif qilgani haqida xabar tarqatdi — u ko‘p yillar Nijyegorod va Samara oblastlaridan Davlat dumasiga saylangan, axboriy siyosat bo‘yicha qo‘mitaga rahbarlik qilgan, 2016-2018 yillarda esa Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotovga maslahatchilik qilgan.
Xinshteyn bilan uchrashuvi videosida Putin ushbu deputatning Rosgvardiya piarchisi sifatida ishlagan davrini alohida e’tirof etganini ko‘rish mumkin.
«Shu tufayli sizga Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi lavozimini taklif etmoqchiman, chunki u yerda inqirozni boshqarishga zarurat yuzaga kelgan», — degan Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kursk oblasti «ozod etilishi» barobarida region rahbari hozirda Ukraina qurolli kuchlari amaliyoti davom etayotgan hududda tiklash ishlarini olib borishi, shuningdek, mahalliy aholiga yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil qilishi kerak bo‘ladi.
Xinshteyn regionni 200 kundan ko‘proq vaqt davomida boshqargan Aleksey Smirnov o‘rnini egalladi. U bu lavozimga 2024 yil mayida «v.b» sifatida tayinlangandi. Sentyabr oyida esa Smirnov region gubernatorligi uchun saylovda g‘olib chiqqandi. 6 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga bostirib kirib, bir necha rayonda mustahkam o‘rnashib olgani, shu tufayli 120 ming kishini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelganiga qaramay, oblastda saylov o‘tkazilgandi.
Xinshteynni tayinlash to‘g‘risidagi farmonda undan oldingi rahbar Aleksey Smirnov «o‘z xohishiga ko‘ra» iste’foga chiqqani ko‘rsatilgan.
Gubernator Smirnov nima bilan yodda qoldi?
Smirnov «rahbariyat qarori» bilan boshqa ishga o‘tayotganini ma’lum qildi, holbuki Putinning Xinshteynni tayinlash bo‘yicha farmonida Smirnovning o‘zi iste’fo so‘ragani ko‘rsatilgan. Smirnov qaysi lavozimga o‘tkazilgani bo‘yicha hozircha ma’lumot yo‘q.
Smirnovning Kursk oblastidagi qisqa faoliyati bir necha mojaro bilan ajralib turdi. Xususan, Ukraina bilan chegara bo‘ylab o‘rnatilgan istehkomlar katta mablag‘ sarflanganiga qaramay, ukrain armiyasi yurishini to‘xtatishga yaroqli emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, mahalliy rasmiylar Ukraina qurolli kuchlari bosqinidan keyin regionning chegaradosh hududlaridan aholini zudlik bilan evakuatsiya qilishni tashkil eta olmagan.
Yana bir muammo esa Smirnov mahalliy aholi, ayniqsa, chegara hududlar va evakuatsiya qilingan hududlar aholisi bilan muloqotni yo‘lga qo‘ya olmaganida bo‘y ko‘rsatdi.
Kursk oblastining sobiq gubernatori Roman Starovoyt Aleksey Smirnovning iste’fosi unda «so‘nggi vaqtlarda odamlar bilan aloqani yo‘lga qo‘yishda muammolar yuzaga kelgani» bilan bog‘liqligini aytgan.
«Regional va federal miqyosda ko‘plab qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi — moddiy va yuridik choralar, ammo ushbu chora-tadbirlar qanday amalga oshirilayotganini odamlarga yetkazib berishda muammolar paydo bo‘ldi, — degan Starovoyt (iqtibos „Vy slushali Mayak“dan). — Vaziyat esa oddiy emas va shu bilan bog‘liq qaror qabul qilingan ko‘rinadi».
Starovoyt 2018 yil oktyabrida 2024 yil mayiga qadar Kursk oblastini boshqargan. Hozirda u Rossiya transport vaziri hisoblanadi.
Shuningdek, Starovoyt tongda Aleksandr Xinshteyn bilan gaplashganini aytgan. «Men o‘z tomonimdar barcha tomonlama ko‘mak bo‘lishiga, shuning uchun yordam yoki qandaydir tavsiyalar kerak bo‘lsa, buni albatta tashkillashtirishimizga uni ishontirdim», — degan Kursk oblastining sobiq rahbari.
Kuz davomida chegaradagi janglardan qattiq jabr ko‘rgan Sudja rayoni aholisi va boshqa chegara rayonlarda yashovchilar bir necha bor Kurskda stixiyali mitinglar uyushtirib, ularga yordam puli va vayron bo‘lgan uylari o‘rniga yangisini berishni talab qilishdi, shuningdek, harbiy harakatlar hududidagi qishloqlarda talonchilik holatlariga qarshi kurashilmayotganidan shikoyat qilishdi. Smirnov mahalliy aholi rasmiylar bilan aloqa yo‘qligidan shikoyat qilganidan keyin Sudja va Korenovo rayonlari rahbarlari ishdan bo‘shatilganini e’lon qilgandi, ammo keyin ular o‘z ishida qolayotgani ma’lum bo‘ldi.
Deputat Xinshteyn qanday tanilgan?
Putin Aleksandr Xinshteyn Kursk oblasti gubernatori lavozimiga krizis davri boshqaruvchisi sifatida tayinlangani bilan o‘z tanlovini izohlagan: «Hozirda u yerda inqirozni boshqarish zarurati yuzaga kelgan, shubhasiz, Kursk oblasti hozir shunday holatda. Eng asosiysi, hozir va yaqin kelajakda yordamga muhtoj bo‘lgan odamlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish zarur».
«Ijro hokimiyatida va kuchishlatar tuzilmalardagi oldingi faoliyatingiz tufayli sizda juda yaxshi tajriba va aloqalar bor. Bularning barchasidan oldingizga qo‘yiladigan vazifalarni bajarish uchun foydalanish lozim», — deya qo‘shimcha qilgan Putin.
Xinshteyn Putin bilan uchrashuvda «qiyin region»ga tayinlanganidan juda xursandligi va bu o‘zi uchun sharafli ekanini, yaqin vaqtlar ichida ishga kirishishini aytgan.
Smirnovning o‘rniga yangi rahbarni izlash noyabr oyida boshlangandi, deb xabar beradi «Verstka» nashri o‘z manbasiga tayanib, ammo Xinshteyn nomzodiga faqat 5 dekabr kuni bir to‘xtamga kelingan.
«Verstka» suhbatdoshlari Aleksey Smirnovning iste’fosi sababi region boshqaruvida yuzaga kelgan «xaos» bo‘lganini aytishgan.
Xinshteynni tayinlovga qadar Kursk oblasti bilan hech narsa bog‘lamasdi. U ko‘p yillar (2003 yildan boshlab) Davlat dumasi deputati bo‘lgan va so‘nggi yillarda axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitani boshqarayotgandi. Deputat sifatida u Rossiyani tark etgan fuqarolar va «inoagent»lar uchun yangi cheklovlarni qo‘llab-quvvatlagan, shuningdek, Youtube ning Rossiyada ishlashi Rossiya rasmiylari tomonidan qasddan qilingani va bu qurilmalar eskirgani bilan bog‘liq emasligini ochiqchasiga tan olgan birinchi mulozim bo‘lgandi, deb eslatadi The Bell nashri.
Uning tashabbusi bilan «Pionerlar galstugidagi yoz» kitobini chiqargan Popcorn Books nashriyotiga nisbatan Rossiyada ilk marta «LGBT propagandasi» bo‘yicha ish ochilgan.
Samara oblastining Davlat dumasidagi vakili sifatida Xinshteyn o‘z telegram-kanalida region hayotini faollik bilan yoritib borgan. U oblastning sobiq rahbari Dmitriy Azarov bilan ziddiyatga borgan va bu uzoq davom etib, gubernator 2024 yil mayida, ikkinchi muddatga saylanganidan to‘qqiz oy o‘tib iste’foga chiqishi bilan yakunlangandi. Xinshteyn shuningdek Azarovning safdoshlari ham iste’foga chiqishi va ularga qarshi jinoiy ishlar ochilishiga ham erishgan.
2016-2018 yillarda «Yedinaya Rossiya» praymerizida qatnashmagani uchun Davlat dumasi deputati bo‘lmagan Xinshteyn Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotovga maslahatchi bo‘lib ishlaydi. Zolotov biografiyasining shu davri uning piaridagi bir necha muvaffaqiyatsizliklar bilan bog‘liq.
Xususan, Xinshteyn 2018 yilda Zolotov Kreml atrofida avtomobilini portlatish bilan tahdid qilgan shaxs bilan shaxsan muzokara olib borib, uni taslim bo‘lishga ko‘ndirganini aytadi, ammo bunga hech qanday dalil keltira olmasdan, faqat hodisa tafsilotlari huquq-tartibot organlarida mavjud bo‘lgan hujjatlarda aks etganini ta’kidlaydi.
2018 yil sentabrida Zolotov Rosgvardiya uchun davlat buyurtmalaridagi qonunbuzarliklar haqida surishtiruv chiqargan Aleksey Navalniyni duelga chaqiradi hamda muxolifatchidan «suvli qiyma tayyorlash»ga va’da beradi.
Navalniy bunga javoban Zolotovni Birinchi kanal efirida debat qilishga chorlaydi. Biroq bu amalga oshmaydi.
Deputat bo‘lishidan oldin Xinshteyn «Moskovskiy komsomolets» gazetasidagi mualliflardan biri sifatida nom qozongandi, uning nomi ostida mojaroli surishtiruvlar nashr etilgan. 1999 yil oxirida u Boris Berezovskiyga tegishli qo‘riqlash agentligi to‘g‘risida seriyali maqolalar e’lon qilgan, o‘shanda uni Kremlning «seriy kardinali» deb atashardi. Xinshteyn ushbu agentlik yuqori martabali mulozimlar, jumladan, prezident Boris Yelsinning atrofidagilar («oilasi») ortidan kuzatuvni yo‘lga qo‘yganini aytgan. Davomli maqolalar Xinshteyn va o‘sha vaqtdagi ichki ishlar vaziri Vladimirom Rushaylo o‘rtasida mojaro keltirib chiqargan.
Xinshteyn bir necha kitob chiqargan, «Berezovskiy va Abramovich. Katta yo‘ldagi oligarxlar», «Nima uchun Brejnev Putin bo‘lolmagan» va «Putin nima uchun hech qachon Gorbachyov bo‘lmaydi?» shular jumlasidan.
Xinshteyn hozir ham Rossiya huquq-tartibot organlari, xususan, Rosgvardiya bilan aloqalarini saqlab qolgan, o‘z telegram-kanalida ularning faoliyatini sharhlab boradi.
Mavzuga oid
14:14
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43
Tramp Putin u bilan Ukraina masalasida uchrashmoqchi ekanini ma’lum qildi
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
07:55 / 20.12.2024