Jahon | 10:53 / 06.12.2024
3285
3 daqiqa o‘qiladi

Putin RFga gaz uchun Gazprombank orqali to‘lash talabini bekor qildi

Putinning yangi farmoniga ko‘ra, Rossiya gazi uchun to‘lovlar endi aniq bir bankka bog‘lanmaydi. Chet ellik xaridorlarga boshqa to‘lov imkoniyatlari taqdim etiladi.

Foto: AP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin farmonni imzoladi, unga ko‘ra Rossiya gazi uchun to‘lovlar endi bitta aniq bankka bog‘lanmaydi. Tegishli hujjat 5 dekabr, payshanba kuni huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi.

Ilgari, bunday — yagona — moliyaviy institut Gazprombank edi, u ikki hafta oldin AQSh sanksiyalari ostida qoldi. Shunday qilib, Putin o‘zining 2022 yil 31 martdagi farmoniga o‘zgartirish kiritdi, unda Gazprombankka Rossiya gazi uchun to‘lovlar bo‘yicha yagona adresat bo‘lish huquqi berilgan. Bunday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijiy xaridorlardan rubl va valutada maxsus hisobraqamlarini ochish talab qilindi. Sanksiyalar kiritilgandan so‘ng, bu hisoblar avtomatik ravishda o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.

Putinning yangi farmonida, shuningdek, «uchinchi shaxslardan» mablag‘lar xorijiy kompaniya tomonidan gaz yetkazib berish uchun to‘lovni amalga oshirishda Rossiya yetkazib beruvchisi ochgan rubldagi hisobraqamiga o‘tkazilishi mumkinligi aytilgan. The Bell internet nashri ta’kidlaganidek, gaz to‘lovi majburiyatlarini endi nafaqat pul bilan, balki «o‘zaro qarzlarni qoplash» orqali ham to‘lash mumkin.

AQSh Rossiyaning 50 ta bankiga, jumladan, Gazprombankka qarshi sanksiyalar kiritdi

21 noyabr kuni Rossiyaning 50 dan ortiq banki, 40 ta qimmatli qog‘ozlar registratori va 15 moliya xodimi AQShning yangi sanksiyalar paketiga kiritildi. Ular orasida Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham xuddi shunday ro‘yxatlarda paydo bo‘lgan Gazprombank ham bor.

Xuddi shu kuni Gazprombank xorijdagi UnionPay karta egalari uchun «qiyinchiliklar» haqida ogohlantirdi va ularning egalariga «yaqin kelajakda naqd pul olishni» maslahat berdi. Xususan, Gazprombank tomonidan chiqarilgan UnionPay tizimi kartalari kamida sakkizta davlatda: Turkiya, BAA, Tailand, Vengriya, Germaniya, Qatar, Qozog‘iston va Xitoyda ishlashni to‘xtatdi. RIA Novosti davlat agentligi Italiya, Urugvay, Argentina va Indoneziyadagi karta egalari uchun ham muammolar haqida xabar berdi.

Gazprombankning o‘zi ushbu kartalarni rasmiylashtirish va chiqarishni to‘xtatdi. «Kommersant» gazetasining yozishicha, bank UnionPay'ni veb-saytda rasmiylashtirish mumkin bo‘lgan kartalar ro‘yxatidan olib tashlagan.

Mavzuga oid