Jahon | 10:50 / 06.12.2024
13818
3 daqiqa o‘qiladi

RF Tergov qo‘mitasi Qodirovning Bastrikinga qarshi da’volariga javob qaytardi

Rossiya Tergov qo‘mitasi Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning huquq-tartibot organlarining bezorilikda ayblanayotgan chechenistonlik Muslim Murdiyev ishi bo‘yicha faoliyatini tanqid qilishiga javoban ushbu o‘smir ishtirokidagi mushtlashuvlar videolarini namoyish etdi.

Checheniston aholisi bilan 4 dekabr kuni o‘tkazilgan jonli muloqot chog‘ida Qodirov Murdiyev ishini izohlarkan, Rossiya Tergov qo‘mitasi va ichki ishlar vazirligini tanqid qilgandi. Xususan, u Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin va ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev «o‘z joyida emasligi»ni aytgandi.

Chechenistonlik o‘smir 2023 yil dekabridan buyon uy qamog‘ida saqlanmoqda. Murdiyevning o‘zining versiyasiga ko‘ra, u janjal boshlagan boshqa o‘smir hujumiga uchragan sherigini himoya qilgan, unga qarshi ish esa hodisa videoyozuviga asoslangan holda ochilgan. Qodirov bu ish bilan shaxsan shug‘ullanayotgani va Murdiyev «qamalmasligi», tez orada ozodlikka qo‘yib yuborilishini aytgan.

Bunga javoban Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati huquq-tartibot organlari ish bo‘yicha tergov jarayonida «hodisaning barcha holatlari va noqonuniy harakatlarga aloqador shaxslarni aniqlash bo‘yicha to‘liq chora-tadbirlar ko‘rgani»ni ta’kidlagan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, besh nafar o‘smir tasodifiy o‘tkinchilar bilan nizo qo‘zg‘ab, janjal boshlab, jabrlanuvchilarni kaltaklash bilan shug‘ullangan. Xususan, 2023 yil sentabrida ular «sakkiz nafar shaxsga nisbatan zo‘ravonlik amalga oshirish orqali bezorilik qilishgan», shundan yetti nafari — voyaga yetmagan bolalar. Hujumlar Moskva shahridagi «Aviapark» va «Diskaveri» savdo markazlari hamda «Xodynskoye pole» parkida amalga oshirilgan.

O‘smirlarga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, bezorilik sodir etish (RF JK 213-moddasi, 2-qismi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov qo‘mitasidagilar ishda boshqa dalillar qatorida ayblanuvchilar, guvohlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari, shuningdek, hujum holatlari aks etgan videoyozuvlar borligini qayd etgan.

«Figurantlarning aybi bo‘yicha yakuniy qarorni tergov taqdim etgan dalillar asosida sud chiqaradi», — deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.

Mavzuga oid