Jahon | 22:20 / 08.12.2024
3437
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini olishga rozi bo‘ldi

Mamlakatning Rossiyadagi elchisi Malayziya Rossiya raislik qilayotgan BRIKS tashkilotining bir qismi bo‘lishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images 

Malayziya Rossiyadagi elchisi Cheong Lun Lay o‘z mamlakati BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini qabul qilganini bildirdi. Malayziya hukumatiga bu boradagi taklif noyabr oyida berilgan edi.

«Biz BRIKSga raislik qilayotgan Rossiyaga tashkilotning bir qismi bo‘lishga tayyorligimiz haqida javob qaytardik», — deydi Cheong Lun Lay.

BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomi — mamlakatga sammitlarning maxsus sessiyalari va BRIKS tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishlarida doimiy ishtirok etish huquqini kafolatlaydi. Shuningdek, sheriklar vazirlar darajasida o‘tkaziladigan boshqa tadbirlarga, jumladan, savdo masalalari, milliy xavfsizlik vakillarining uchrashuvlari va parlament a’zolari forumlariga ham taklif qilinishi mumkin.

BRIKS — iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. 2001 yilda britaniyalik iqtisodchi Jim Onil jahon iqtisodini o‘rganish jarayonida bir guruh katta davlatlarda iqtisodiy tizimli o‘sishga e’tibor berib, shartli ravishda BRIKS deb ataydi (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy). 2010 yilda bunga JAR qo‘shildi, bugun tashkilotda to‘qqizta davlat bor.

Noyabr oyida Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijyenkov Rossiya elchisi Boris Grizlovga mamlakatning BRIKSning to‘laqonli sherigi bo‘lishga tayyorligi to‘g‘risidagi nomani topshirgandi.

Mavzuga oid