Turkiya TIV rahbari: suriyalik qochqinlar endi uylariga qaytishi mumkin
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan millionlab suriyalik qochqinlar endi uylariga qaytishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, u mamlakatdagi davlat institutlarini saqlab qolishga chaqirdi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Suriyadagi vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
«Turkiya Suriyaning milliy birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga katta ahamiyat beradi», — deydi vazir.
Hoqon Fidanning ta’kidlashicha, Bashar Asad rejimining qulashi suriyalik qochqinlarning vataniga qaytishi uchun imkoniyatlarni ochadi: «O‘z mamlakatini tark etishga majbur bo‘lgan millionlab suriyaliklar endi uylariga qaytishlari mumkin».
«Biz mintaqa va undan tashqarida bo‘lgan barcha ishtirokchilarni mintaqani yanada beqarorlikka olib kelmaslik uchun ehtiyotkorlik va xotirjamlik bilan harakat qilishga chaqiramiz», — deydi Turkiya TIV rahbari.
Diplomat, ayniqsa, terrorchilik guruhlari vaziyatdan foydalanib qolishining oldini olish zarurligini qayd etdi. «Biz IShID va KIP o‘z maqsadlarida vaziyatdan foydalanib qolmasligi uchun juda ehtiyot bo‘lib harakat qilamiz. Amerikalik do‘stlarimiz bilan aloqadamiz», — deya ta’kidlaydi Fidan.
Vazir davlat institutlari va birlashgan muxolifat kuchlarini saqlab qolish zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya qo‘shni davlatlar bilan birgalikda bor imkoniyatini ishga solib, Suriyani qayta tiklashda yangi admistratsiya bilan ishlashni davom ettiradi.
Suriyada fuqarolik urushi 2011 yilda boshlangan. Jangovar harakatlar davomida 500 mingga yaqin odam o‘ldirilgan, mamlakatning 23 millionlik aholisining qariyb yarmi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Turkiya, Livan va Iordaniyada 5,7 millionga yaqin suriyalik qochqinlar bor.
Avvalroq Rossiya hukumati Suriya sobiq prezidenti va uning oilasiga insonparvarlik nuqtai nazaridan boshpana taqdim etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga oid
22:22
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
17:10
Bashar Asadning rafiqasi ajrashishga ariza berdi - Haberturk
00:45
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
19:06 / 22.12.2024