Tramp Kapitoliyda tartibsizlik uyushtirganlarni afv etmoqchi
AQShning saylangan prezidenti 2021 yilda Vashingtondagi tartibsizliklar bo‘yicha sudlanganlar ishini lavozimga kirishganining birinchi kunidayoq ko‘rib chiqishga va’da berdi.
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 2021 yilning 6 yanvarida Vashingtondagi Kapitoliy tepaligidagi tartibsizliklarda ayblangan ko‘plab mahkumlarni afv etish niyatida. Bu haqda u NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi, undan parchalar 8 dekabr, yakshanba kuni kanal saytida chop etilgan.
«Men juda tez harakat qilaman. Birinchi kuniyoq», dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqealarda ayblangan ko‘plab tarafdorlari «uzoq yillar davomida hatto ochilishiga ham ruxsat berilmaydigan jirkanch joyda bo‘lishgan». Shu bilan birga, u barcha sudlanganlarni afv etmoqchi emasligini va ishlarni alohida ko‘rib chiqishini aytdi. «Ba’zi istisnolar radikal yoki aqldan ozgan shaxslarga tegishli bo‘ladi», dedi u.
2021 yil 6 yanvar kuni Donald Tramp tarafdorlari demokrat Jo Baydenning o‘sha paytdagi prezidentlik saylovidagi g‘alabasini tan olmaslikni talab qilib, AQSh Kongressi binosiga bostirib kirishdi. Ko‘pchilik politsiya xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etdi.
2021 yilgi tartibsizliklar figurantlari nimada ayblanmoqda?
NBC News telekanaliga ko‘ra, tartibsizliklar bo‘yicha kamida 1572 kishiga ayblov e’lon qilingan va 1251 nafardan ortig‘i sudlangan yoki aybiga iqror bo‘lgan. «Kamida 645 nafar ayblanuvchi bir necha kundan 22 yilgacha bo‘lgan federal qamoq jazosiga hukm qilingan. Hozirda 250 ga yaqin odam hibsda bo‘lib, ularning aksariyati sudlangandan keyin jazo muddatini o‘tamoqda. Bir necha kishi federal sudyaning buyrug‘i bilan hibsda saqlanmoqda», deyiladi ma’lumotda.
Qayd etilishicha, Tramp o‘z aybiga iqror bo‘lgan mahbuslarni, jumladan, politsiya xodimlariga hujum qilganini tan olganlarni ham afv etishini istisno etmagan. «Chunki ularda (tan olishdan boshqa) iloji yo‘q edi», — dedi saylangan prezident.
To‘polonda aybiga iqror bo‘lgan, lekin politsiya xodimlariga hujum qilganlikda ayblangan 900 dan ortiq ayblanuvchilar haqida so‘ralganda, Tramp ular bosim ostida o‘z aybiga iqror bo‘lganini aytdi. «Men bu tizimni bilaman. Bu juda korrupsiyalashgan tizim», — dedi Tramp.
NBC News eslatganidek, Vashingtondagi tartibsizliklar bilan bog‘liq ayblovlar noqonuniy yurishda qatnashishdan tortib, fitna uyushtirishgacha bo‘lgan ayblovlarni o‘z ichiga oladi. «Hibsda saqlanayotganlar orasida g‘alayonda ayblangan o‘ta o‘ng Proud Boys va Oath Keepers guruhlari a’zolari; tartibsizlikni tergov qilgan FTB agentlarini o‘ldirishga uringanlikda ayblanganlar; tartibsizliklar paytida havoga o‘q uzganlikda ayblanganlar; Tramp uy manzilini o‘z ichiga olgan skrinshotni e’lon qilganidan keyin sobiq prezident Barak Obamaning uyi yonida qo‘lga olingan bir kishi bor», deyiladi materialda.
Mavzuga oid
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
18:22 / 25.12.2024
Daniya Tramp bayonotidan keyin Grenlandiya mudofaasi xarajatlarini oshirdi
16:18 / 24.12.2024
“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi
09:53 / 24.12.2024