10 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Metan to‘ldirish shoxobchalariga cheklovlar va savdosi ko‘paytirilishi va’da qilingan benzin, O‘zbekistondagi «yashil» energiya generatorlari, 37,5 milliondan oshgan aholi va Milliy aviakompaniyadan talabalar uchun chegirma — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Metan to‘ldirish shoxobchalariga cheklovlar
Energetika vazirligi havo harorati keskin pasayishi sababli ayrim hududlarda metan gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik cheklanishini ma’lum qildi.
So‘nggi kunlarda sovuq havo oqimi tufayli respublika bo‘ylab tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moli keskin oshib, gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilmoqda. Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini uzluksiz gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Xush, qanday choralar ko‘rilmoqda?
Hududlarda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda metan zapravkalarga cheklov kiritiladi. Viloyat va tuman hokimliklari rasmiy axborot manbalari orqali yangiliklarni yetkazib boradi. «Avto24» ilovasi orqali yonilg‘i quyish shoxobchalari haqida onlayn ma’lumot olish mumkin.
Energetika vazirligi aholini bunday cheklovlarni tushunish bilan qabul qilishga chaqirdi.
Ayrim hududlarda gaz zapravkalar faoliyatiga vaqtinchalik cheklov kiritilishi munosabati bilan avtobenzinga bo‘lgan talabni qondirish uchun birja savdolariga chiqariladigan hajm ikki karra oshiriladi.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, barcha hududlarda zarur miqdorda benzin zaxiralari yaratilgan.
Talab va taklifdan kelib chiqib, avtobenzin hajmini yanada oshirish imkoni bor va aholining avtobenzinga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish davlat nazoratiga olingan.
Shuningdek, xususiy zapravka stansiyalari egalaridan narxlarni sun’iy oshirmaslik va sifatli benzin sotish so‘ralgan. Narxlarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ishchi guruhlar joylarda nazoratni davom ettirmoqda.
Bandlik vazirligida yangi tayinlovlar
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidovga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari etib Zafar Azimov tayinlandi. U bugunga qadar Xalq banki va «O‘zsanoatqurilishbank»da yuqori lavozimlarda ishlagan, shuningdek, Markaziy bankda ham faoliyat yuritgan.
Shuningdek, vazirning yana bir o‘rinbosari Alisher Muratov bo‘ldi. U avval Qishloq qurilish banki boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritgan, keyin esa Biznesni rivojlantirish bankida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga Botir Zohidov 2024 yil sentabr oyida tayinlangan edi. Vazirlikdagi yana bir o‘rinbosar Ra’no Turdiboyeva 2023 yildan buyon o‘z vazifasini bajarib kelmoqda.
O‘zbekistondagi «yashil» energiya generatorlari
O‘zbekistonda «yashil» energiya rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish sezilarli darajada oshdi.
Xalqaro kompaniyalar bilan quvvati 20630 MW bo‘lgan 38 ta quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. Bugungi kunda 7 ta quyosh elektr stansiyasi (1700 MW) va 3 ta shamol elektr stansiyasi (900 MW) faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 21 milliard AQSh dollaridan oshiq bo‘lib, Saudiya Arabistoni, BAA, Fransiya va Xitoy kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
2030 yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi ulushi 40 foizga yetishi kutilmoqda. Bu esa 15 milliard kub metr tabiiy gaz tejash va 21 million tonna zararli gaz chiqarilishining oldini olish imkonini beradi.
O‘zbekiston aholisi 37,5 milliondan oshdi
2024 yil 9 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37 mln 535 ming kishini tashkil qildi.
Shundan erkaklar — 18,9 millionni, ayollar esa 18,6 millionni tashkil etmoqda.
2024 yil 22 aprelda aholi soni 37 millionga yetgan edi.
O‘zbekistonda ayni paytda 1 km kv yer maydoniga o‘rtacha 83,2 odam to‘g‘ri keladi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,7 kishiga ko‘proqdir.
Milliy aviakompaniyadan talabalar uchun chegirma
Uzbekistan Airways qishki ta’til oldidan talabalar uchun mahalliy aviaqatnovlar chiptalariga 50 foizgacha chegirma e’lon qildi. Chegirma 2024 yil 23 dekabrdan 2025 yil 7 yanvarigacha amal qiladi.
Chiptalarni kompaniya sayti, agentlar yoki Uzbekistan Airways Sales filialidan xarid qilish mumkin. Bunda o‘qishni tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, qishki ta’til oliy ta’lim, texnikum, kollej va akademik litsey talabalari uchun 25 dekabrdan 7 yanvargacha davom etadi.
Mavzuga oid
21:14
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024
20 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:30 / 19.12.2024
19 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:10 / 18.12.2024