Jahon | 11:00 / 10.12.2024
38492
5 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi shov-shuvli qotillikni sodir etishda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi

McDonald's restorani mijozlaridan biri uni tanib qolib, politsiyaga xabar bergan.

Foto: Altoona Police Department

26 yoshli Luidji Manjione Pensilvaniya shtati Altuna shahridagi McDonald's restoranida ushlangan, unga UnitedHealthcare sug‘urta kompaniyasi direktori Brayan Tompsonni o‘ldirish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Tompson o‘tgan haftada Manhettendagi Hilton mehmonxonasi yaqinida otib o‘ldirilgan, chorshanba kunidan buyon gumondorni qidirish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazilayotgandi.

Manjione Nyu Yorkdan 450 km g‘arbda qo‘lga tushgan, bu yerda uni tez tayyorlanuvchi taomlar restorani mijozlaridan biri tanib qolgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida uning yonida ovoz so‘ndirgichga ega, 3D-printerda chiqarilgan to‘pponcha topilgan, Nyu Yorkdagi qotillikda aynan undan foydalangani taxmin qilinmoqda.

Avvaliga Manjione Pensilvaniya sudiga keltirilgan va beshta band bo‘yicha, xususan, noqonuniy qurol saqlash bo‘yicha ayblov e’lon qilingan, garov evaziga ozod etish rad qilingan. Bir necha soat o‘tib Nyu York tergovchilari unga qotillik bo‘yicha ayblov e’lon qilishgan. Hozirda tergovchilar uning Brayan Tompsonga uyushtirilgan suiqasdga aloqadorligini isbotlash uchun ish olib bormoqda.

Qo‘lga olingan shaxs haqida nimalar ma’lum?

Politsiyaga ko‘ra, Luidji Manjione Merilend shtati Baltimor shahrida tug‘ilib o‘sgan, bu yerda o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan Gilman School maktabida o‘qigan, maktab rahbariyatiga ko‘ra, u maktabni 2016 yilda a’lo baholarga bitirgandi.

Shundan keyin u nufuzli Pensilvaniya universitetiga o‘qishga kirgan, u so‘nggi vaqtlarda Havayi markazi Gonoluluda istiqomat qilib kelgan.

Qo‘lga olish chog‘ida uning yonidan o‘qotar qurol va shaxsini tasdiqlovchi ayrim hujjatlar topilgan — bittasida haqiqiy ismi-sharifi ko‘rsatilgan, qolganlari soxta hujjatlar bo‘lgan.

Xususan, uning yonida Amerika pasporti va Nyu Jyersi shtatida yashashi haqidagi soxta hujjat bo‘lgan, u bundan qotillik sodir etilgan joy yaqinida, Nyu Yorkdagi hostelda ro‘yxatdan o‘tishda foydalangan.

Politsiyachilar gumonlanuvchining yonidan chiqqan to‘pponcha «arvoh-to‘pponcha» bo‘lib, katta ehtimol bilan, «3D-printerda tayyorlangani» va 9 millimetr kalibrli patronlar bilan otishi mumkinligini aytishgan.

«Arvoh-to‘pponchalar» internet orqali buyurtma qilinadigan detallardan yig‘ilib, ro‘yxatga olinmaydi, detallarda seriya nomerlari bo‘lmasligi tufayli amalda ularni kuzatib bo‘lmaydi.

Shuningdek, politsiya ma’lumotiga ko‘ra, uning yonida qo‘lda yozilgan «uch sahifali manifest» bo‘lgan, bu uning «motivlari va xayollari»ni oshkor qiladi va u aftidan «korporativ Amerikaga nafrat his qilgani»dan dalolat beradi. Politsiyachi undan ikkita iqtibos keltirgan: «Bu parazitlar shunday yo‘l tutdi» hamda «Har qanday bahs va jarohatlar uchun kechirim so‘rayman, ammo bu sodir bo‘lishi kerak edi». 

Manjionening Linkedln profilida u yangi va minilgan avtomobillar sotiladigan sayt hisoblangan TrueCar’da ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha muhandis bo‘lib ishlashi ko‘rsatilgan.

Manjionening ijtimoiy tarmoqlardagi postlari u oilasi va do‘stlari bilan aloqani uzganidan darak beradi. X ijtimoiy tarmog‘ida Manjione teg qilib yozilgan postda uning tanishlaridan biri shunday deydi: «Ey, sen yaxshimisan? Bir necha oydan buyon sen haqda hech kim eshitmaydi, menimcha oilang seni qidirmoqda».

UnitedHealthcare rahbari qanday o‘ldirilgandi?

Amerikadagi UnitedHealthcare eng yirik tibbiy sug‘urta kompaniyasi (2023 yilda daromadi 281 mlrd dollarni tashkil etgan) direktori, 50 yoshli Brayan Tompson 4 dekabr kuni Nyu York markazida otib ketilgandi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, niqob taqqan gumonlanuvchi Tompsonni Manhettendagi Hilton mehmonxonasi atrofida kutib turgan, shu kuni bu yerda tadbirkor nutq so‘zlashi ko‘zda tutilgan konferensiya o‘tayotgandi.

Tompson mehmonxonaga yaqinlashganida unga qarata bir necha bor o‘q uzilgan. Sug‘urta kompaniyasi rahbari beli va oyog‘idan jarohat olgan, uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan.

Politsiya qotilni bir necha kundan beri qidirib kelayotgan, jinoyatchi haqida ma’lumot berganlarga 10 ming dollar va’da qilingan edi.

Mavzuga oid