Iqtisodiyot | 14:32 / 10.12.2024
2938
2 daqiqa o‘qiladi

BAA O‘zbekistondan yem-xashak import qilishga qiziqish bildirdi 

Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida "Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi sammiti" (Global Food Security Summit) bo‘lib o‘tdi.

BAA vitse-prezidenti Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon ko‘magida uyushtirilgan tadbir ochlik va qurg‘oqchil sharoitda qishloq xo‘jaligi bioxavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, Yaqin Sharqda ilmiy va innovatsion yo‘nalishdagi yirik tadbirga aylanishi kutilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston elchixonasi rahbariyati va diplomatlari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston vakillari qator yirik chakana savdo kompaniyalari va qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan korxonalar bilan muzokara o‘tkazdilar. Jumladan, ADCOOP kompaniyasi vakillari bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilish va kompaniya do‘konlarida sotish masalalari muhokama qilindi.

BAA tomoni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati va ta’mini yuqori baholadi hamda ushbu mahsulotlarni tizimli import qilishga qiziqish mavjudligi ta’kidlandi.

Xorij tomoniga hozir kunda oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha yaratilgan tizim va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar yetkazildi.

Shuningdek, diplomatlar BAAning Emirates food and industries kompaniya vakillari bilan O‘zbekistondan yem-xashak import qilish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdilar.

Amirliklar tomoni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, xususan makkajo‘xori, beda va boshqa yem-xashak mahsulotlarni import qilishda qiziqish bildirdi.

Bundan tashqari, BAA Tadbirkorlar uyushmasi, Lulu Group va boshqa kompaniyalari bilan ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga quyish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi.

Mavzuga oid