Jahon | 12:32 / 10.12.2024
5904
3 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg AQShdan RFga mikrochiplarni yetkazish sxemasi haqida ma’lum qildi

Rossiya harbiylari markazlashmagan tartibda AQShdan chiplarga buyurtma beradi va mijoz qayerdan ekani Amerika kompaniyasidan yashiriladi, deb yozadi Bloomberg.

Foto: Reuters

Rossiya harbiylari AQShdan qurol yasashda ishlatiladigan chiplarni sotib olishning «ajablanarli darajada oddiy» usulini topdi, deb topdi Bloomberg. 9 dekabr, dushanba kuni chop etilgan surishtiruvga ko‘ra, buning uchun Rossiya Federatsiyasidagi distribyutorlar Texas Instrumens (TI) Amerika ishlab chiqaruvchisi onlayn-katalogini klonlashdi.

Rossiya distribyutorlari rasmiy TI onlayn-do‘konidagi ma’lumotlarni o‘z veb-saytlariga integratsiyalashgan, bu esa mahsulotning oxirgi xaridorini tasdiqlashni talab qilmaydi. Bloomberg nashri yozishicha, «o‘tkazish» saytlari orqali Rossiya Federatsiyasi kompaniyalari markazlashtirilmagan tartibda chiplarga «bir necha marta bosish orqali» buyurtma berishadi va ularni uchinchi mamlakatlar orqali kichik partiyalarda olishadi. Buyurtmalarning kelib chiqishi Amerika kompaniyasidan yashirin bo‘lib chiqadi.

Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-avgust oylarida ushbu sxema bo‘yicha 6 million dollarlik yarimo‘tkazgich mahsulotlari xarid qilingan bo‘lib, shundan 4 million dollari aynan harbiy-sanoat kompleksi ehtiyojlariga yo‘naltirilgan. Yetkazib berish va to‘lash uchinchi davlatlar orqali amalga oshirildi va chiplar Rossiyaga Sea Global SCM yuk kompaniyasi hamda «Aeroflot» tomonidan yetkazilgan. Bu nisbatan oddiy chiplar Rossiyaning qurol ishlab chiqarish qobiliyatida markaziy rol o‘ynaydi, deya qayd etadi agentlik.

AQSh hukumati chip ishlab chiqaruvchilarni o‘z texnologiyalarini Rossiya harbiylari qo‘lidan saqlashda ehtiyot bo‘lishlari kerakligi haqida ogohlantirdi. Sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan eshituvlarda senator Richard Blyumental kompaniyalar «Rossiyaga texnologiyalardan foydalanishdan foyda olishiga bila turib to‘sqinlik qilmayapti», deb ta’kidlagan edi.

Rossiya 2023 yilda 1,7 mlrd dollarlik Amerika va Yevropa chiplarini olib kirdi

Bloomberg agentligi yanvar oyida Rossiya bojxona ma’lumotlariga tayanib, Rossiya armiyasining Ukrainadagi urushiga qarshi kurash texnologiyasini qo‘lga kiritishiga yo‘l qo‘ymaydigan cheklovlarga qaramay, Rossiya 2023 yilda 1,7 milliard dollarlik zamonaviy Amerika va Yevropa chiplarini import qilgani haqida xabar berdi.

Iyul oyida Germaniyaning Süddeutsche Zeitung (SZ) gazetasi, NDR va WDR telekanallari, Fransiyaning Le Monde gazetasi va Ukrainaning Trap Aggressor loyihasi surishtiruv e’lon qildi, unga ko‘ra Rossiya armiyasi bilan hamkorlik qilgan «Promtex» kompaniyalar guruhi 2023 yilda deyarli 8 million dollarlik ikkilamchi maqsadlarda ishlatiladigan tovarlarni AQShdan, shuningdek, Germaniya va boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlaridan import qilgan.

Mavzuga oid