Jahon | 08:01 / 10.12.2024
1825
3 daqiqa o‘qiladi

GFRda suriyalik qochqinlarning vataniga qaytishi saylov mavzusiga aylanmoqda

Suriyalik boshpana izlovchilarning Germaniyada qolishi saylov kampaniyasi mavzusiga aylanmoqda. 

Foto: Georgiy Zotov / AiF

Germaniyada Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilganining ertasiga mamlakatdagi suriyalik qochqinlarning o‘z vatanlariga qaytishi istiqbollari muhokama qilindi. Germaniya migratsiya organlarining 9 dekabr kuni Suriya fuqarolarining boshpana so‘ragan murojaatlarini ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori muhokamaga qo‘shimcha turtki berdi.

XDI/XSI konservativ partiyalari bloki vakillari suriyalik qochqinlarni o‘z vatanlariga qaytarish mavzusini ayniqsa faol ko‘rib chiqyapti. Joriy so‘rovlarga ko‘ra, u 2025 yil 23 fevralga belgilangan muddatidan oldin parlament saylovlarida g‘alaba qozonish va Germaniyaning keyingi hukumatini boshqarish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega. Shunday qilib, Suriyadan siyosiy boshpana izlovchilarning taqdiri, xuddi Damashqdagi rejimning qulashi kabi kutilmaganda Germaniyadagi saylov kampaniyasi mavzusiga aylandi.

Boshpana berish - vaqtinchalik chora

Bu mavzu so‘nggi paytlarda ukrainalik qochqinlarni saqlash xarajatlari to‘g‘risida bir necha bor ko‘tarilgan masalani orqaga surishi mumkin. Shu bilan birga, boshlangan muhokama Ukrainada sulh e’lon qilinganidan keyin yoki urush tugaganidan so‘ng ukrainalik qochqinlarning, ayniqsa, ish topa olmaganlarning Germaniyada qolishi haqida gap ochilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

«Bu hamma uchun tushunarli bo‘lishi kerak: qochqinlik vaqtincha qolishni nazarda tutadi», dedi Bundestagdagi XDI/XSI fraksiyasining ichki siyosat bo‘yicha eksperti Aleksandr Trom Handelsblatt iqtisodiy gazetasiga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bashar Asad tuzumi qulaganidan so‘ng Suriyadagi vaziyat «tubdan o‘zgargan». Shu sababli, «himoyaga muhtoj bo‘lganlar maqomini berish sabablari yo‘qolganmi yoki yo‘qmi, tekshirilishi kerak». Bu, birinchi navbatda, Asad rejimidan qochganlarga tegishli, dedi konservativ deputat.

Bundestagdagi XDI/XSI fraksiyasining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Yurgen Xardt ham «kim bizning himoyamizga murojaat qilishga haqli va kim haqli emas» degan savolga yangicha javob berish kerakligiga ishonchi komil. Biroq Suriyadagi siyosiy vaziyatga yangi baho berishga hali erta, uning fikricha, bu bir necha hafta davom etadi.

Yurgen Xardt ZDF telekanaliga bergan intervyusida isyonchilar tomonidan ozod qilingan hududlarda so‘nggi kunlarda Turkiya yoki Yevropaga qochqinlar oqimi kuzatilmaganini «rag‘batlantiruvchi signal» deb atadi. Ekspertning fikricha, pirovardida ko‘plab qochqinlarning o‘zi ham vataniga qaytishni istaydi va u yerda yangi hayot boshlash uchun yordamga muhtoj.

Mavzuga oid