Jahon | 15:02 / 10.12.2024
3638
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar ekologik toza quyosh batareyalarini ishlab chiqarish usulini topdi

Shvetsiyalik olimlar organik quyosh panellarini ishlab chiqarishdagi asosiy muammolardan birini hal qildi - ular zaharli erituvchilarning xavfsiz muqobilini topdi.

Foto: AFP

Elektrlashtirish va sun’iy idrokning rivojlanishi tufayli elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj oshishi bilan ekologik jihatdan xavfsiz energiya manbalarini izlash nihoyatda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Butun dunyo olimlari tomonidan faol o‘rganilayotgan shunday manbalardan biri quyosh batareyalaridir. An’anaviy kremniyli quyosh panellaridan tashqari muqobil texnologiyalar ham rivojlanmoqda, ularga organik quyosh elementlaridan iborat batareyalarni misol qilish mumkin.

Organik quyosh batareyalari bir qator afzalliklarga ega. Ular yengil, egiluvchan, ishlab chiqarishda nisbatan arzon bo‘lib, derazalarga, matoga yoki hatto xona ichiga o‘rnatilishi mumkin, bu esa shaxsiy elektron qurilmalarni quvvat bilan ta’minlaydi. Bunday batareyalar allaqachon bozorga chiqarilgan, ularning ulushi sezilarli darajada o‘sishi kutilmoqda. Bugungi kunda organik quyosh batareyalarining samaradorligi 20 foizga yetib, bu an’anaviy kremniy panellari bilan taqqoslanadi. Biroq ularni ommaviy ishlab chiqarish ekologik muammolar keltirib chiqarmoqda.

Gap shundaki, organik quyosh elementlarini ishlab chiqarish jarayonida zaharli moddalardan tashkil qopgan eritma ishlatiladi. Bu eritma qo‘llanganda bug‘lanib, atrof-muhit va zavod xodimlarining sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diradi.

“Organik quyosh batareyalarini ommaviy ishlab chiqarish uchun zaharli moddalardan foydalanishni istisno etadigan usullarni topish zarur. Aks holda, bunday texnologiya na ekologik jihatdan toza, na xavfsiz bo‘ladi”, — deb ta’kidladi Shvetsiyaning Lincheping universiteti optoelektronika professori Feng Gao.

U rahbarlik qilayotgan tadqiqot guruhi Xitoy va AQShdagi hamkasblari bilan birgalikda ushbu muammoning yechimini taklif etdi. Olimlar turli xil xavfsiz erituvchilardan foydalanib, organik quyosh batareyalarini ishlab chiqarish usulini yaratdi.

Quyosh paneli uchun ishlatiladigan material va erituvchi o‘rtasidagi molekulyar reaksiyalarni o‘rganish bu kashfiyotning asosi bo‘ldi. Ilg‘or texnologiyalar yordamida mutaxassislar quyosh batareyasi tuzilishining shakllanish jarayonini batafsil kuzatishga erishdi.

“Mos erituvchini tanlash uchun quyosh batareyasini ishlab chiqarishning butun jarayonini tushunish muhim. Bu jarayonga eritmaning boshlang‘ich tuzilishi, bug‘lanish paytidagi dinamik jarayonlar va plyonkaning yakuniy tuzilishi kiradi”, — dedi tadqiqot haqidagi maqolaning yetakchi muallifi Ruy Jan.

Ushbu yondashuv yordamida olimlar ko‘plab xavfsiz erituvchilardan foydalanish imkonini beradigan universal loyihani yaratadi. Kelajakda hatto suv ham organik quyosh panellari uchun erituvchi vazifasini bajarishi mumkin. Yangi usul organik quyosh panellarini barqaror ishlab chiqarish yo‘lini ochib beradi.

Mavzuga oid