Jahon | 21:15 / 10.12.2024
8292
2 daqiqa o‘qiladi

Real tahdid: Yer yuzasining 40 foizini qurg‘oqchilik qamrab oldi

Ilgari yam-yashil bo‘lgan o‘rmonlar quruq yaylovlarga aylanib, hayot va qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan namlik yo‘qolib bormoqda.

Foto: Gianni Cipriano

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, so‘nggi 30 yil mobaynida yer yuzasining 77,6 foizi quruqlashgan. Hozirda qurg‘oqchil hududlar maydoni Hindiston hududidan ham kattaroq bo‘lib, Antarktidani hisobga olmaganda, quruqlikning 40,6 foizini tashkil etmoqda. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, asr oxiriga kelib 5 milliard aholi istiqomat qiladigan yerlar qurg‘oqchilikda qolishi mumkin, deb xabar berdi LiveScience.

Iqlim o‘zgarishi global harorat ko‘tarilishiga olib kelayotgani bois suv yer yuzasidan tezroq bug‘lanyapti, atmosfera bo‘lsa uni tobora ko‘proq yutyapti. Buning natijasida ilgari yam-yashil bo‘lgan o‘rmonlar quruq yaylovlarga aylanib, hayot va qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan namlik yo‘qolib bormoqda.

Yer va suvdan oqilona foydalanmaslik muammoni yanada og‘irlashtiradi. Buning oqibatida, qariyb 3 milliard aholi va jahonda oziq-ovqat ishlab chiqarishning yarmidan ko‘pi suv tizimlariga tushayotgan mislsiz yuklamadan aziyat chekmoqda.

Yangi hisobot mualliflari zamonaviy iqlim modellaridan, standartlashtirilgan usullardan hamda keng qamrovli adabiyot va ma’lumotlar tahlilidan foydalangan. Ularning xulosalari tashvishli: qurg‘oqchilik qishloq xo‘jaligi yerlarining 40 foiziga va 2,3 milliard kishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa hozirga qadar keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari, qishloq xo‘jaligi inqirozi va aholi migratsiyasini keltirib chiqardi. Ayniqsa, deyarli butun Yevropa, AQShning g‘arbiy qismi, Braziliya, Sharqiy Osiyo va Markaziy Afrika kuchli zarar ko‘rdi.

Tadqiqotchilar vaziyat pessimistik emasligini ta’kidladi. Ular uglerod chiqindilarini kamaytirish, qurg‘oqchilik monitoringini takomillashtirish, resurslardan oqilona foydalanish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni o‘z ichiga olgan kompleks harakat rejasini taklif etmoqda.

Mavzuga oid