Yevropa davlatlari suriyaliklarga boshpana berishni to‘xtatyapti
Berlinning aniqlik kiritishicha, hozircha suriyaliklarni mamlakatdan deportatsiya qilish haqida gap ketmayapti. Vena, aksincha, «repatriatsiya va deportatsiya dasturini» tayyorlamoqda. Boshqa davlatlar ham suriyaliklarning boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqishni to‘xtatishini e’lon qildi.
Germaniya migratsiya idoralari Suriya fuqarolari uchun boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu ma’lumotni 9 dekabr, dushanba kuni Germaniya Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Sonya Kok tasdiqladi. Der Spiegel jurnali Migratsiya va qochqinlar bo‘yicha federal idoraning (BAMF) qarori haqida birinchi bo‘lib xabar berdi.
Suriyadagi chalkash vaziyat
«BAMF har bir alohida holat qanday ekanligini diqqat bilan ko‘rib chiqadi. Bu shuningdek, kelib chiqqan mamlakatdagi vaziyatni baholashni ham o‘z ichiga oladi», dedi Kok. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar arizachining mamlakatidagi vaziyat noaniq bo‘lsa, migratsiya departamenti boshpana berish to‘g‘risidagi qarorni keyinga qoldirishga haqli. Bu hozir Suriyaga tegishli, dedi Kok. Amalda, uning bahosiga ko‘ra, suriyaliklar arizalari endi «boshqa boshpana so‘rovchilardan keyin ko‘riladi».
Der Spiegel nashrining yozishicha, Suriyadagi voqealar tufayli BAMF Suriya fuqarolarining arizalari bo‘yicha har qanday boshpana qarorlarini to‘xtatib qo‘ygan. Idora vakili mamlakatdagi vaziyatni chalkash va oldindan aytib bo‘lmaydigan deb atadi. Shuning uchun boshpana berish to‘g‘risidagi har qanday qaror tushunarsiz bo‘lardi, dedi rasmiy.
Avstriya deportatsiyaga tayyorlanmoqda
Avstriya hukumati 9 dekabr kuni suriyaliklarning boshpana so‘rovi bo‘yicha xuddi shunday qaror qabul qilgan. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7300 ga yaqin dastlabki murojaatlarni ko‘rib chiqish to‘xtatilgan. Oldindan tasdiqlangan barcha arizalar ham qayta tekshirilishi kerak. Suriyalik oilalarni birlashtirish dasturi ham to‘xtatilgan. «Shu nuqtayi nazardan, men vazirlikka Suriyaga repatriatsiya va deportatsiya bo‘yicha tartibli dastur tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berdim», dedi Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner.
Kecha kun davomida ma’lum bo‘lishicha, Yevropaning boshqa davlatlari: Buyuk Britaniya, Daniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Shveytsariya va Shvetsiya ham Suriyadan qochqinlarning boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yoki buni qabul qilishga tayyorlanmoqda. Fransiya ham buni istisno etmayapti.
Mavzuga oid
21:05
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
17:10 / 23.12.2024
Bashar Asadning rafiqasi ajrashishga ariza berdi - Haberturk
00:45 / 23.12.2024