Jahon | 11:51 / 11.12.2024
2097
3 daqiqa o‘qiladi

AEXA Zaporijjya AESga ketayotgan avtomobilga dron zarbasi haqida ma’lum qildi

Dron Zaporijjya atom elektr stansiyasiga ketayotganda AEXA rasmiy avtomobiliga urilgan va unga jiddiy zarar yetkazgan. Zelenskiy Rossiya Federatsiyasini aybladi.

Foto: Videodan kadr

Ukrainadagi Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES)ga ketayotganda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rasmiy avtomobiliga uchuvchisiz uchoq urilgan va jiddiy zarar yetkazgan. Bu haqda 10 dekabr, seshanba kuni AEXA vakillari X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Tashkilot rahbari Rafael Grossi «harbiy mojaro paytida yadroviy avariyaning oldini olish uchun ishlayotgan» agentlik xodimlariga qilingan hujumni «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi.

Zelenskiy: «Rossiyaning FPV droni AEXA karvoniga hujum qildi»

Ayni paytda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sodir bo‘lgan voqealarda Moskvani aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya FPV uchuvchisiz uchog‘i atom elektr stansiyasini noqonuniy ushlab turishda davom etilayotgan Zaporijjya oblastida AEXA karvoniga hujum qildi».

«Zarba karvondagi mashinalardan biriga tegdi», — deya ta’kidladi Ukraina rahbari.

«Ushbu hujum Rossiyaning xalqaro huquq, xalqaro institutlar va xavfsizlik bilan bog‘liq hamma narsaga qanday qarashini yaqqol ko‘rsatdi. Ruslar o‘z maqsadlaridan bexabar qolishi mumkin emas edi. Ular nima qilayotganlarini aniq bilishgan va ongli ravishda harakat qilishgan», — deydi u.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hujumga javoban ham AEXA, ham boshqa xalqaro hamkorlar tomonidan aniq va qat’iy munosabat bo‘lishi kerak. «Jimlik yoki harakatsizlik faqat keyingi jinoyatlarni rag‘batlantiradi», dedi Zelenskiy.

RF qo‘shinlari Zaporijjyaga hujum qildi: 10 kishi yaralandi

Rossiya qo‘shinlari 19 oktyabr kuni Ukrainaning Zaporijjya shahriga boshqariladigan aviatsion bombalar bilan hujum qilgandi. Oblast harbiy ma’muriyati boshlig‘i Ivan Fedorovga ko‘ra, zarba natijasida kamida 10 kishi, jumladan, 9 va 13 yoshli ikki qiz yaralangan. Bolalar shifoxonada o‘rtacha og‘ir ahvolda, dedi Fedorov. 82 yoshli ayol ham jarohat olgan.

Rossiya Zaporijjya markaziga ikki marta zarba bergan. Bombalardan biri «gipermarketdan bir necha yuz metr uzoqlikda tushgan», dedi Fedorov.

Hujumdan bir necha soat o‘tgach, Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparatlari, ballistik raketalar va boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berishi xavfi tufayli Zaporijjya viloyatida yana havo trevogasi e’lon qilindi.

Mavzuga oid