Jahon | 11:20 / 13.12.2024
21870
7 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Taganrogga ATACMS bilan zarba berdi, AQShdagilar «Oreshnik» bilan javob berilishini kutmoqda

RF mudofaa vazirligi Rostov oblasti Taganrog shahridagi aerodromga ATACMS raketalari bilan zarbalar berilgani va «shaxsiy tarkib orasida jabrlanganlar borligi»ni ma’lum qilib, «hujum javobsiz qoldirilmasligi» bilan tahdid qilgan.

Foto: AFP

RF mudofaa vazirligi 11 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari Amerikaning ATACMS raketalari bilan Taganrogdagi harbiy aerodromga zarba yo‘llaganini ma’lum qildi.

Vazirlik matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytilishicha, ukrainalik harbiylar oltita raketa qo‘llagan, shundan ikkitasi «Pansir» zenit-raketa komplekslari orqali urib tushirilgan, qolgan to‘rttasi esa «radioelektron kurash vositalari bilan mo‘ljaldan og‘dirilgan».

Rossiya harbiy idorasiga ko‘ra, raketa zarbasi oqibatida «aerodromning texnik hududidagi ikkita bino va uchta harbiy mashina, shuningdek, aerodromga tutash avtoturargohdagi fuqarolik avtomobillari yengil shikastlangan».

Shu bilan birga, RF mudofaa vazirligi bayonotida «raketa parchalari tushishi oqibatida shaxsiy tarkib orasida jarohatlanganlar borligi» aytilgan. Qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot keltirilmagan.

Astra Taganrog shifoxonasidagi manbasiga asoslanib, raketa zarbasi oqibatida 26 nafar harbiy xizmatchi yaralangani, bir kishi halok bo‘lganini yozgan. Nashr versiyasiga ko‘ra, 11 dekabrga o‘tar kechasi aviaguruhlardan biri joylashgan aviata’mirlash zavodiga Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yo‘llangan zarba oqibatida yana 15 nafar harbiy xizmatchi yaralangan. Hozircha bu ma’lumot boshqa manbalar orqali tasdiqlanmagan.

Mahalliy rasmiylar chorshanba kuni bergan ma’lumotda hujum oqibatida 27 ta ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti uzilgani aytilgandi.

Ukraina qurolli kuchlari Rostov oblasti bo‘ylab uchirgan ATACMS raketasi qoldig‘i

RF mudofaa vazirligi Taganrogga hujum «javobsiz qoldirilmasligi, tegishli choralar ko‘rilishi»dan ogohlantirgan.

Associated Press va Reuters agentliklari amerikalik mulozimlarga tayangan holda AQSh razvedkasi Rossiya «yaqin kunlarda» Ukrainaga zarba berish uchun «Oreshnik» o‘rta masofali ballistik raketasidan yana foydalanishi mumkinligini kutayotgani haqida xabar tarqatdi.

Shu bilan birga, Reuters suhbatdoshi Rossiyaning yangi raketa kompleksi qo‘llanishi frontdagi vaziyatni jiddiy o‘zgartira olmasligini aytgan.

«Biz „Oreshnik“ jang maydonidagi kuchlar nisbatini chinakamiga o‘zgartira oladigan omil emas, deb hisoblaymiz. Bu ko‘proq Rossiyaning Ukrainani qo‘rqitishga bo‘lgan navbatdagi urinishi va bu urinish muvaffaqiyatsiz bo‘ladi», — deya Vashingtondagi manbasidan iqtibos keltirgan agentlik.

Associated Press manbasi esa Rossiyada «faqat bir nechta» shunday raketa bor va ularning jangovar kallaklari rossiyalik harbiylar muntazam ravishda Ukrainada qo‘llab kelayotgan raketalarniki kabi vayronkor emas.

Voqealar rivoji

Rossiya ilk bor 21 noyabr kuni Dnipro bo‘ylab zarbada «Oreshnik» ballistik raketasidan foydalangandi. Vladimir Putin o‘shanda Rossiya harbiy sanoatining bu yangi ishlanmasi ekani, uning qo‘llanishi — ukrainlar Rossiya hududiga Amerikaning ATACMS va Britaniyaning Storm Shadow raketalari bilan hujum uyushtirganiga javob bo‘lganini aytgandi.

Bunga qadar «Oreshnik» haqida hech narsa ma’lum emasdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Dniproga hujumda «yadrosiz» raketa uchirilgan. Rossiya prezidenti «Oreshnik» raketalariga qarshi turadigan vositalar hozirda mavjud emasligini ta’kidlagan. «Raketalar 10 max tezlikda nishonga zarba beradi, bu soniyasiga 2,5-3 kilometr degani. Dunyoda mavjud zamonaviy havo hujumidan mudofaa vositalari va amerikaliklar Yevropada yaratayotgan raketalarga qarshi mudofaa tizimlari bu turdagi raketalarni tutib qola olmaydi», — degandi Putin.

Bir hafta o‘tib Putin «Oreshnik» orqali «Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlariga zarba yo‘llash» bilan tahdid qildi. 

«Bizga G‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan uzoq masofali raketalar bilan zarbalar berishda davom ettirilsa, biz «Oreshnik» raketasini jangovar holatda sinashda davom etamiz. Xuddi 21 noyabrda sinab ko‘rganimiz kabi...

Hozirgi kunda Mudofaa vazirligi va Bosh shtab Ukrainadagi nishonlarni saralamoqda. Bular harbiy obektlar, katta sanoat korxonalari yoki Kiyevdagi «qaror qabul qilish markazlari» bo‘lishi mumkin.

«Oreshnik»ni seriyali tarzda ishlab chiqarish boshlangan. Bu raketa chuqurlikda joylashgan, yuqori himoyaga ega obektlarni ham yo‘q qilishga qodir. Barcha narsani kulga aylantiradi. Uni guruhli tarzda otishda raketa kuchi yadro qurol qo‘llash kabi ta’sirga ega bo‘ladi. Ukrainaga olib kelinadigan hech qanday zamonaviy qurol jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmaydi» — degandi 28 noyabr kuni Putin Ostonada bo‘lib o‘tgan KXShT sammitida.

27 noyabr kuni Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov AQSh qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi Charlz Braunga qo‘ng‘iroq qildi. Gerasimov va Braun «bir qator global va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, jumladan, Ukrainada davom etayotgan mojaroni muhokama qilishdi», dedi ShBQ rahbari vakili Jyeril Dorsi.

«General Gerasimovning iltimosiga ko‘ra, general Braun bu qo‘ng‘iroq haqida ommaga ma’lumot bermaslikka rozi bo‘ldi», deb qo‘shimcha qildi Dorsi. Rasmiylarga ko‘ra, suhbat chog‘ida Gerasimov Amerika tomoniga «Oreshnik»ning uchirilishi Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga Rossiya hududiga chuqur zarba berish uchun ATACMS ballistik-taktik raketalaridan foydalanishga rozi bo‘lishidan ancha oldin rejalashtirilganini aytgan.

10 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Oreshnik» raketasi paydo bo‘lishi bilan yadro qurolidan foydalanish zarurati sezilarli darajada kamayganini aytdi. «Biz yadroviy doktrinamizni kuchaytirmayapmiz, uni takomillashtiryapmiz. Shunday qilib, umuman olganda, biz endi yadroviy doktrinani emas, balki «Oreshnik»ni yaxshilashimiz kerak. Chunki, ushbu zamonaviy qurol tizimlarining yetarli soni shunchaki yadro qurolidan foydalanishning deyarli hojati yo‘qligini ta’minlaydi», dedi u.

Mavzuga oid