Jahon | 00:33 / 13.12.2024
2772
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya safarbarlikdan qochgan rossiyaliklarga boshpana bermay qo‘ydi

Rossiyada safarbarlikdan qochib Finlyandiyaga kelgan qochqinlarga mamlakat hududini o‘z xohishi bilan tark etish taklif qilinmoqda.

Foto: TASS

Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan keyin Finlandiyaga qochib ketgan Rossiya fuqarolarining boshpana borasidagi so‘rovlariga rad javoblari kela boshladi, deb yozadi Satakieli. 

Initiative for Resistance and Dialogues (FoReDi) inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, bunday qochqinlarga mamlakat hududini o‘z xohishi bilan tark etish taklif qilinmoqda. Nashrning aniqlashicha, bu kabi vaziyatga kamida yetti kishi duch kelgan.

Rad javoblari noyabr oyidan boshlab kelmoqda. Mamlakat migratsiya xizmati buni Rossiyada safarbarlik deyarli yakunlangani va boshpana izlovchilarga hech narsa tahdid solmayotgani bilan izohlamoqda. Finlandiya hukumati RF prezidenti Vladimir Putin bu boradagi tegishli qarorni hozirgacha imzolamaganini ham inobatga olmayapti. Ushbu hujjat tufayli safarbar qilinganlar frontda noma’lum muddatga qolmoqda, Kreml esa istalgan vaqtda harbiy xizmatga chaqiruvni tiklash huquqini o‘zida saqlab qolgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil bahordan beri Finlandiyadan siyosiy boshpana so‘rab qariyb 1000 nafar Rossiya fuqarosi ariza bergan. FoReDi vakili Nikita Kirillov migratsiya xizmatining 2024 yilgi ijobiy qarorlarini tahlil qilib, ularning hech biri frontga majburiy yuborilish xavfi sabab qabul qilinmaganini aniqladi. Huquq himoyachisining ta’kidlashicha, hozirda Finlandiyada 500 ga yaqin inson boshpana so‘rab murojaat qilgan va ular o‘z arizalarida asosiy sabab sifatida safarbarlik xavfini keltirgan. «Ularning 30 foizga yaqini hatto birinchi suhbatdan o‘ta olmadi, 60-70 foizi hamon ko‘rib chiqilish jarayonida», — deydi Kirillov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya xizmati asosan rossiyaliklarning siyosiy va professional faoliyat bilan bog‘liq boshpana so‘rovlarini qanoatlantirmoqda. Dastlabki 1000 arizachidan taxminan uchdan bir qismi Finlyandiya o‘qish yoki ishchi viza bilan qolish yo‘lini topgan. Ayrimlar o‘z arizalarini qaytarib olib, Rossiyaga qaytgan yoki boshqa davlatga o‘tib ketgan.

Rossiyada safarbarlik 2022 yil 21 sentabrdan 28 oktyabrga qadar bo‘lib o‘tdi. Mudofaa vazirligi yakunda armiyaga 302,5 ming kishi jalb etilganini ma’lum qildi. Rezervdagilarning o‘rtacha yoshi 35 ni tashkil etmoqda. Harbiy xizmatga chaqirilganlarning 56,3 foizi farzandli.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urush boshlanganidan beri Rossiya 198 ming askaridan ayrilgani, 550 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi yaralangani haqida gapirgan edi.

Mavzuga oid