Germaniya Ukrainaning 2,6 mln aholisini issiqlik va elektr bilan ta’minlaydi
Joriy qish mavsumida Germaniya puliga 26 ta ko‘chma qozonxona, 24 ta transformator, to‘rtta gibrid generator va 33 ta yoqilg‘i granulalarida ishlovchi qozon sotib olinadi.
Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ) Ukrainaga 90 million yevrolik yordamning «qishki paketi»ni tayyorladi. Uning sharofati bilan mamlakatning 2,6 millionga yaqin aholisi qishda issiqlik va elektrga ega bo‘ladi, deya ma’lum qildi idora boshlig‘i Svenya Shulse 12 dekabr, payshanba kuni Ukrainaga tashrifi chog‘ida.
Ukraina uchun transformatorlar, qozonxonalar va generatorlar
BMZ hisobotida aytilishicha, Bundestagning budjet qo‘mitasi sentabr oyida «qishki paket» uchun 70 million yevro ajratishni ma’qullagan. Vazirlik qayta taqsimlangan mablag‘dan yana 20 million topdi. Bu mablag‘ga 26 ta ko‘chma qozonxona, 24 ta transformator, to‘rtta gibrid generator va 33 dona yoqilg‘i granulalarida ishlovchi qozon sotib olinadi. Bu Ukrainadagi 2,6 million aholini issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. 130 ming kishiga mo‘ljallangan Ukrainaning frontga yaqin mintaqalarida maktab oshxonalari va novvoyxonalar faoliyati ham moliyalashtiriladi.
Shulse Mikolayiv oblastida o‘rnatiladigan ko‘chma issiqlik elektr stansiyalaridan birini shaxsan ko‘zdan kechirdi. U 13 ming aholi istiqomat qiladigan 70 ga yaqin ko‘p qavatli uyni, shuningdek, shifoxonalar, maktablar va bolalar bog‘chalarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Shulse «Ukrenergo» vakillari bilan birgalikda Kiyev shimolidagi elektr podstansiyasiga tashrif buyurdi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Rossiyaning o‘qqa tutishi tufayli Ukraina energetika infratuzilmasining yarmiga yaqini allaqachon shikastlangan va vayron qilingan. Shulse ishtirokida Ukraina tomoniga elektr uzatish liniyalarini ta’mirlash uchun ko‘taruvchi platformalar berildi. «Ukrenergo» rahbarlarining fikricha, ular muammolarni tezda hal qilishga imkon beradi.
Shols nemis kompaniyalarini Ukrainaga sarmoya kiritishga chaqirdi
Germaniya kansleri Olaf Shols 11 dekabr kuni Berlinda Germaniya-Ukraina iqtisodiy forumini ochar ekan, nemis kompaniyalarini Ukrainaga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirdi. «Agar siz bugun va kelgusi yillarda Ukrainaga sarmoya kiritsangiz, demak, siz Yevropa Ittifoqining bo‘lajak a’zosiga investitsiya kiritgan bo‘lasiz», dedi Shols. U Germaniya va Ukraina o‘rtasidagi birinchi qo‘shma korxonalar mudofaa sanoatida allaqachon paydo bo‘lganini qo‘shimcha qildi. «Menimcha, bu dinamik ravishda davom etishi kerak», dedi Shols.
Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, urushdan keyin Yevropa Ukrainadagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari va rivojlanish imkoniyatlarini ko‘radi, «bu ilgari faqat so‘nggi yigirma yil ichida Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida kuzatilgandi». Germaniya iqtisodiyoti ushbu muvaffaqiyat tarixida katta rol o‘ynadi va ulardan foyda ko‘rdi, deb davom etdi Shols. «Men Ukrainaga nisbatan ham shunga o‘xshash narsani xohlayman», deb xulosa qildi kansler.
Hammasi bo‘lib, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada 2000 ga yaqin nemis kompaniyasi ishlaydi. «Ularning ko‘pchiligi qo‘shimcha sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Siz mamlakatni qayta tiklashga yordam beryapsiz», — dedi Shols. Kansler Ukrainaning YeIga qo‘shilishidan oldin hali ko‘p yo‘l bosib o‘tishi kerakligini ta’kidladi. Biroq, bu jarayon «Ukraina nafaqat madaniy va siyosiy jihatdan Yevropaga tegishli ekanligiga, balki Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat bo‘lishiga – undan kelib chiqadigan barcha huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishiga ishonch paydo qiladi».
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024