O‘zbekiston | 18:20 / 16.12.2024
18616
3 daqiqa o‘qiladi

Damasʼdan Kia Sonetʼgacha: “Halol Avtolizing”chilar yuzlab odamni aldagani ma’lum bo‘ldi

Bir oy farqi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan va bir manzilda joylashgan ikki MChJ mansabdorlari yuzlab odamlarni oson shartlarda mashina olib berishga ishontirib, boshlang‘ich to‘lov sifatida pullarini qabul qilib olgan. Yig‘ilgan mablag‘ miqdori bir necha mlrd so‘mga teng. Chuv tushganlar orasida Kia Sonet mashinasi uchun qariyb 80 mln so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirganlar ham bor. Ta’sischisi va nomi turlicha bo‘lgan firmalar shartnomalarda bitta muhrdan foydalangan.

2024 yil 30 sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Halal Auto Leasing Group” MChJ va 2024 yil 31 oktyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Halal Auto Leasing kompany” MChJ mansabdorlari yuzdan ortiq odamni aldagani ma’lum bo‘ldi.

Kun.uz’ga kelib tushgan ro‘yxatga ko‘ra, MChJlar birgina oktyabr oyida 41 nafar mijoz bilan turli rusumdagi mashinalarni olib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Boshlang‘ich to‘lov sifatida qabul qilingan summa esa 1,3 mlrd so‘mdan oshgan.

Noyabr oyida ham ko‘plab mijozlar bilan shartnomalar tuzilgan. Ularda har ikki MChJ mansabdorlari Damasʼdan Kia Sonetʼgacha bo‘lgan turli rusumdagi mashinalarni yillik 7 foizlik ustama bilan 105 ish kunigacha yetkazib berishni zimmalariga olgan.

Jumladan, Farg‘ona viloyatida yashovchi Parviz Ahmadjonov 2024 yil 4 noyabrda “Halal Auto Leasing kompany” MChJ bilan Kia Sonet mashinasi uchun shartnoma tuzgan.

Mijoz shartnomaga asosan 76 mln 667 ming so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan.

Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi Ruqiya Ergasheva esa 2024 yil 28 noyabr kuni Tracker mashinasi uchun 45 mln so‘mdan ortiq boshlang‘ich to‘lov to‘lagan.

“Halal Auto Leasing Group” va “Halal Auto Leasing kompany” MChJ vakillari tomonidan boshlang‘ich to‘lov sifatida Damas mashinasi uchun 20-23 mln so‘mdan, Cobalt uchun 33 mln 770 ming so‘mdan, Tracker uchun 47-56 mln so‘mdan, Monza uchun 60 mln so‘mdan, Onix uchun 41-45 mln so‘mdan pul mablag‘lari qabul qilingan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, “Halal Auto Leasing Group” MChJ 2024 yil 30 sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ta’sischisi Sultonov Murodjon To‘xta o‘g‘li.

“Halal Auto Leasing kompany” MChJ esa 2024 yil 31 oktyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Uning ta’sischisi Yo‘ldoshev Ixtiyorjon Obidjon o‘g‘li.

Har ikki MChJ bir manzilda – Toshkent shahri Shayxontohur tumani Sarxumdon mahallasi Gulobod mavzesi 268/32-uyda joylashgan.

Bundan tashqari, ta’sischisi va nomi turlicha bo‘lishiga qaramay, ikkala MChJ vakillari ham mijozlar bilan tuzilgan shartnomalarda bitta muhrdan foydalangan.

Kun.uz “Halal Auto Leasing kompany” MChJning shubhali faoliyati yuzasidan 2024 yil 16 noyabr kuni surishtiruv e’lon qilgandi. Oradan 20 kun o‘tib, 5 dekabr kuni firma ofisi IIV Tergov departamenti tomonidan muhrlab ketildi hamda MChJ mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi. IIV mas’ullari jinoyat ishi tafsilotlariga oid Kun.uz so‘rovlarini javobsiz qoldirdi.

Mavzuga oid