Jahon | 20:53 / 16.12.2024
1905
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya ortidan Litva ham Gurjistonga qarshi sanksiyalarini kengaytirdi

Litva Gurjistondagi namoyishlarning bostirilishiga mas’ul 17 nafar shaxsga sanksiya qo‘lladi - ro‘yxatdan mamlakat bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ham o‘rin olgan.

Foto: Anadolu Agency

Litva ham Estoniya hukumati ortidan Gurjiston rahbariyatiga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi. Bunga mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari kuch bilan bostirilayotgani sabab bo‘ldi.

Litva TIV bayonotiga ko‘ra, sanksiyalar Gurjistondagi namoyishlarning bostirilishiga mas’ul 17 nafar shaxsga nisbatan qo‘llangan. Xususan, «qora ro‘yxat»dan mamlakat bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ham o‘rin olgan. U va ro‘yxatdagi boshqa shaxslarning Litvaga kirishi taqiqlandi.

Estoniya o‘z navbatida Gurjistonning 14 nafar siyosatchisiga qarshi sanksiyalar joriy etgandi. Tallin va Vilnyus rasmiylari YeIning boshqa davlatlarini ham shu kabi yo‘l tutishga chaqirdi.

Tbilisi javob sanksiyalarini qo‘llashni rejalashtirmayapti. «Gurjiston hukumati Litva va Estoniya hukumatlarining qarorlariga qarshi chiqish imkoniyati hamda huquqiga ega. Ammo Litva va Estoniya xalqiga hurmat tufayli bu kabi qadamni tashlashni maqsadga muvofiq emas deb hisoblaymiz», — deyiladi Gurjiston hukumatining bayonotida.

28 noyabr kuni Gurjiston hukumatining 2028 yil oxiriga qadar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmaslikka oid qaroriga qarshi noroziliklar namoyishlari boshlangan. 5 dekabrda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Gurjistonning amaldagi hukumatini ayrim vakillariga qarshi sanksiyalar joriy etilishini e’lon qildi — Kiyev ularni Tbilisidagi norozilik aksiyasi ishtirokchilarini kuch bilan tarqatishda aloqador deb hisoblamoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 14 dekabr kuni Gurjistonda saylovchilar kollegiyasi sobiq futbolchi va deputat Mixail Kavelashvilini mamlakatning yangi prezidenti etib saylagandi. Undan oldin esa Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatda yangi parlament saylovlari belgilanmagunga qadar o‘z vakolatlarini topshirish niyatida emasligini ma’lum qilgan. Davlat rahbarining fikricha, bugungi kunda Gurjistonda faqat u legitim hokimiyatga ega. U bo‘lajak saylov jarayonini «prezidentlik saylovlariga parodiya va sharmandalik» deya ta’riflagan. 

Mavzuga oid