O‘zbekiston | 17:11 / 16.12.2024
12057
2 daqiqa o‘qiladi

Termizda turar joy binosining suvog‘i shamol tufayli ko‘chib tushdi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi holat nazoratga olinganini ma’lum qilib, hozirda devor suvog‘ining ko‘chgan qismini ta’mirlash ishlari olib borilayotganini bildirdi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Termiz shahridagi ko‘p qavatli turar joy binosining tashqi konstruksiyasi shamol tufayli ko‘chib ketgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Termizdagi «yangi qurilgan dom» devorining tashqi konstruksiyasi shamol tufayli ko‘chib tushgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan mazkur holat nazoratga olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz shahri «Guliston» MFY hududidagi besh qavatli 20 xonadonga mo‘ljallangan turar joyning tashqi devor yon tomonidan 35-40 kvadrat metr qismi kuchli shamol ta’sirida ko‘chib tushgan.

«Hozirda buyurtmachi-pudratchi tashkilot — «Termiz qurilish industriya sanoat» IK tomonidan muammoni bartaraf etish maqsadida barcha kerakli qurilish materiallari olib kelingan va tegishli ishlar olib borilmoqda», — deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Navoiy viloyati Karmana tumanidagi «Yangi O‘zbekiston» massivida qurilgan «dom»ning suvog‘i ko‘chib tushgandi. Keyinroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi holatga munosabat bildirib, suvoqning ko‘chib tushishiga bazalt qoplamasi suvga bo‘kishi sabab bo‘lganini bildirgandi.

Mavzuga oid