O‘zbekiston | 14:51 / 17.12.2024
894
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Surxondaryoda logistika markazi yaratishni taklif qildi

Mamlakat elchixonasi tomonidan Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumi onlayn shaklda o‘tkazildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Surxondaryo viloyati va Vengriya ishbilarmonlari vakillari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Forumda Vengriyaning "OTP Bank Grup", "Gedeon Rixter", "Egis", "Spektrum", "OTP Grin Fand" kabi yetakchi kompaniyalari, Vengriya qishloq xo‘jaligi universiteti va boshqa yirik korxonalar vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan esa 20 dan ortiq kompaniya va ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi.

Biznes-forum doirasida Vengriyaning "OTP Bank Grup" kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga chiqish, jumladan, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejasini taqdim etdi. Bundan tashqari, "OTP Grin Fand" ning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar Surxondaryo viloyatida 29 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdilar. Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va logistika sohalaridagi loyihalar alohida qiziqish uyg‘otdi. Budapesht Savdo-sanoat palatasi vakillari "Ayritom" erkin iqtisodiy zonasi orqali farmatsevtika mahsulotlarini saqlash va eksport qilish uchun logistika markazini yaratishni taklif qildi.

Tadbir yakunida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish va O‘zbekistondan Vengriya bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid