Jahon | 21:59 / 18.12.2024
200389
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi birinchi Fertilo bola tug‘ildi

Yangi urug‘lantirish texnologiyasi an’anaviy EKO jarayoniga nisbatan tezroq, xavfsizroq va arzonroq ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Gameto

Gameto kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi urug‘lantirish texnologiyasi an’anaviy EKO (Ekstrakorporal urug‘lantirish) jarayoniga nisbatan tezroq, xavfsizroq va arzonroq alternativani taklif etadi.

Interesting Engineering nashrining yozishicha, tuxumhujayraning yetilishi uchun gormon inʼeksiyalariga tayanish o‘rniga, bu jarayonda insonning ildiz hujayralaridan olingan tuxumdonni qo‘llab-quvvatlovchi hujayralar qo‘llaniladi, ular laboratoriya sharoitida tuxumhujayraning yetilishiga yordam beradi.

Bu usul tuxumhujayra yetilishining tabiiy jarayonini taqlid qiladi, bu esa jarayonni tezroq va kamroq invaziv qiladi.

1978 yilda EKO yordamida dunyodagi birinchi chaqaloq tug‘ilgandan beri bu bepushtlikdan aziyat chekayotgan juftliklar uchun keng tarqalgan davolash usuliga aylandi. Vaholanki, ushbu protsedura ba’zi muammolarga ega.

Jarayon uzoq, qimmat va hissiy jihatdan og‘ir bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, tuxumdonlarning og‘riqli shishishiga olib keladigan tuxumdon giperstimulyatsiyasi sindromi kabi xavflar bilan bog‘liq. Odatda, EKO ayolning tuxumdonlaridan yetuk tuxumhujayrani yig‘ish, ularni laboratoriyada urug‘lantirish va keyin urug‘lantirilgan embrionlarni bachadonga o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Tuxumhujayra ishlab chiqarishni rag‘batlantirish odatda gormon inʼeksiyalarini talab qiladi, bu har bir davolash siklida 90 tagacha inʼeksiyani tashkil qilishi mumkin.

Ammo Fertilo 2023 yilgi tadqiqotga asoslanib, tuxumhujayra kamolotini va embrion shakllanishini sezilarli darajada yaxshilaydi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu protsedura an’anaviy EKO uchun zarur bo‘lgan gormonal inʼeksiyalarning 80 foizini yo‘q qiladi va davolash siklini atigi uch kungacha qisqartiradi.

Qayd qilinishicha, bu jarayon natijasidagi birinchi tug‘ilish Peruning Lima shahrida sodir bo‘lgan.

Mavzuga oid