Jahon | 18:42 / 20.12.2024
2491
2 daqiqa o‘qiladi

Amazonʼda kompaniya tarixidagi eng yirik ish tashlash boshlandi

Amazon kompaniyasining 10 mingga yaqin xodimi mehnat sharoitlarini yaxshilashga erishish maqsadida ish tashlash e’lon qildi.

Amazon kompaniyasining yettita taqsimlash markazi xodimlari 19 dekabr kuni ish joyini belgilangan vaqtdan ertaroq tark etib, ish tashlash boshlab yubordi. Amazon Teamsters kasaba uyushmasi buni kompaniya tarixidagi eng yirik ish tashlash deya ta’riflamoqda, deb xabar beradi Associated Press.

CNN’ga ko‘ra, haydovchilar ham ish tashlash e’lon qilgan. Kasaba uyushmalari oldinroq ogohlantirgan norozilik harakatlarida kompaniyaning Nyu-York, Atlanta va San-Fransisko kabi yirik shaharlarda joylashgan markazlari xodimlari ishtirok etmoqda.

Amazon Teamsters kompaniya ishchilari uchun mehnat sharoitini yaxshilashga erishish maqsadida Amazonʼni muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirmoqda.

Kasaba uyushmalarining qayd etishicha, ular Amazonʼning qariyb 10 ming ishchisi manfaatini himoya qilmoqda — bu kompaniyaning AQShdagi jami xodimlarining 1 foizdan ham kamrog‘ini tashkil etadi. Amazonʼning Qo‘shma Shtatlardagi taqsimlash markazlari soni 600 tadan oshadi.

Amazonʼning ma’lum qilishicha, ish tashlashlar tovarlarning bayramoldi kunlari o‘z vaqtida yetkazib berilishiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Amazon kompaniyasining Germaniyadagi ishchilari mehnat sharoitlaridan norozilik sifatida ish tashlash o‘tkazgandi. O‘shanda bunga kompaniya omborlarida joriy qilingan robotlar xodimlar mehnatini osonlashtirmay, aksincha qiyinlashtirgani, endilikda ular 4 marta tezroq ishlashga majbur bo‘layotgani sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid