Jahon | 15:32 / 20.12.2024
743
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Gurjiston IIV rahbariyatiga qarshi sanksiyalar kiritdi

London Gurjiston Ichki ishlar vazirligi rahbari Vaxtang Gomelauri va ushbu vazirlikning yana to‘rt vakiliga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Gurjistondagi namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlikni «shokka tushiruvchi» deb atadi.

Foto: AFP

Buyuk Britaniya 19 dekabr, payshanba kuni Gurjiston Ichki ishlar vazirligining besh rahbariga nisbatan inson huquqlarining buzilishi, ommaviy axborot vositalariga bosim va mamlakatdagi tinch namoyishlarning keskin bostirilishi munosabati bilan sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi.

Britaniya hukumati saytidagi bayonotda aytilishicha, bu qadam Vashington bilan kelishilgan. Cheklovlar Gurjiston ichki ishlar vaziri Vaxtang Gomelauri, uning o‘rinbosari Aleksandr Daraxvelidze, Tbilisi politsiya boshqarmasi boshlig‘i Sulxan Tamazashvili, maxsus topshiriqlar departamenti direktori Zviad Xarazishvili va uning o‘rinbosari Mileri Lagazauriga taalluqlidir. Sanksiyalar Buyuk Britaniyaga sayohat qilishni taqiqlash, u yerdagi aktivlarni muzlatish va Buyuk Britaniyada iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi.

London Gurjistondagi norozilik namoyishlari bostirilishi haqida

«Gurjiston hukumati namoyishlarni, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va muxolifat vakillarini tizimli ravishda bostirishni jamoatchilik "Gurjiston orzusi"ning mamlakatning Yevropa kelajagi sari olg‘a siljishini to‘xtatish qaroriga qarshi chiqqanidan so‘ng boshladi», — deyiladi press-relizda. Bu qaror Gurjiston Konstitutsiyasining asosiy qoidalari va "Gurjiston orzusi"ning Gurjistonni Kreml oldida yanada zaifroq qilish uchun qilgan so‘nggi harakati sifatida ko‘rilmoqda.

«Namoyishchilar, muxolifat yetakchilari va jurnalistlarga qilingan dahshatli zo‘ravonlik demokratiya va Gurjiston xalqining asosiy erkinliklarini amalga oshirish huquqiga ochiqdan-ochiq hujumdir», dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi. «Bizning bugungi xatti-harakatlarimiz Buyuk Britaniya gurji xalqi tarafdori ekanligini ko‘rsatadi. Biz aybdorlarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash uchun barcha variantlarni ko‘rib chiqamiz».

Zurabishvili Gurjistonda yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili Yevropa Ittifoqini politsiya tinch namoyishchilarni bostirayotgan bir paytda mamlakatdagi rossiyaparast hukumatga yangi saylovlar o‘tkazish uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi. Zurabishvili 18 dekabr kuni Strasburgdagi Yevroparlament yalpi majlisida so‘zladi.

Siyosatchi 26 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlar paytida yuzaga kelgan ehtimoliy qonunbuzarliklarni esladi.

«Bir qator rayonlar va ayrim hududlarda sodir bo‘lgan zo‘ravonliklarni shaxsan o‘zim ko‘rdim, ichki ishlar vaziriga (Vaxtang Gomelauri) qo‘ng‘iroq qildim va u bilan bog‘lana olmadim... U hozirgacha qaytib qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q», — dedi Zurabishvili.

«Ma’lum ma’noda, biz 1921 yilga (Qizil Armiya Tbilisiga kirgan payt) qaytgandek his qilyapmiz, chunki sodir bo‘lgan voqea takrorlanmoqda», deb ta’kidladi u.

«Ular (gurjilar) sodir bo‘layotgan voqealarni o‘z erkinligi, kelajagi va qaysidir ma’noda mustaqilligidan mahrum qilish sifatida qabul qiladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid