O‘zbekiston | 13:43 / 20.12.2024
6802
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning JSTga kirish bo‘yicha AQSh bilan muzokaralari rasman yakunlandi

O‘zbekiston 1994 yilda JSTga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan va 2020 yildan buyon bu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda. 

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirish bo‘yicha AQSh bilan muzokaralari yakunlangani rasman e’lon qilindi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida olib borayotgan harakatlari doirasida tovarlar va xizmatlar bo‘yicha ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralarining yakunlanganini e’lon qilishdan mamnun, deyiladi AQSh Savdo vakili Ketrin Tayning bayonotida.

Bayden-Harris ma’muriyati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlarini e’tirof etgan.

Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston 1994 yilda JSTga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan va 2020 yildan buyon bu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda. 

“O‘zbekistonning muzokaralarga jiddiy kirishgani so‘nggi ikki yilda, shu jumladan, ikki tomonlama muzokaralarimizning muvaffaqiyatli kechishida muhim omil bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005 yilda to‘xtab qolgan, 2020 yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi. Undan keyin 2022 yil iyun, 2023 yil mart va 2023 yil noyabr oylarida, shuningdek, 2024 yil may oyida ishchi guruh yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Shu bilan jami O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha 8 ta yig‘ilish o‘tkazdi.

May oyidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda ilk bor tashkilotga a’zo bo‘lish muddati borasidagi maqsadini e’lon qildi. 2026 yil O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid