Bayden Tayvanga 570 mln dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni buyurdi
AQSh prezidenti Tayvanga harbiy yordam yetkazish bo‘yicha buyruq berdi. Yordam ko‘rsatish vakolati davlat kotibi Entoni Blinkenga topshirildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Tayvanga 571 million dollarlik harbiy yordam yetkazish bo‘yicha buyruq berdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, yordam ko‘rsatish vakolati AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenga topshirilgan. Tayvanni qo‘llab-quvvatlash doirasida AQSh Mudofaa vazirligining «harbiy tayyorgarlik va o‘qitish» kabi xizmatlari ham taqdim etiladi.
Oktyabr oyida AQSh Tayvanga 2 milliard dollarlik qurollanish paketini yetkazishi mumkinligini e’lon qilgandi. Vashington Tayvan bilan rasmiy diplomatik aloqa o‘rnatmagan, ammo qonunga muvofiq, orolga o‘zini o‘zi mudofaa qilishi uchun himoya vositalarini yetkazib berishga majbur. Noyabr oxirlarida esa AQSh Tayvanga F-16 qiruvchi samolyotlari uchun ehtiyot qismlar va radiolokatsion tizimlar yetkazib berishi ma’lum bo‘ldi.
Dekabr boshlarida XXR harbiy sanoatga bog‘liq 13 Amerika kompaniyasi, shuningdek, olti nafar top-menejerga qarshi sanksiyalar joriy etilgandi va Pekin buni Tayvanga qurol sotilayotgani bilan izohlagan.
8 dekabr kuni kechqurun Xitoy Tayvan yaqinidagi kemalari sonini deyarli ikki barobarga oshirdi, 9 dekabr kuni esa Tayvan bo‘g‘ozi bilan chegaradosh Futszyan va Chjetszyan provinsiyalaridan sharqda joylashgan yettita havo hududida harakatlanishni chekladi. Bunga javoban Tayvan armiyasi bo‘linmalari Xitoyning orol yaqinidagi faolligi tufayli jangovar shay holatga keltirildi.
Xitoy Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi sifatida ko‘radi, ammo orol o‘zini alohida davlat deb hisoblaydi va o‘z hukumati hamda qurolli kuchlariga ega. Orol hukumati 1949 yilda fuqarolar urushi tugaganidan keyin materik Xitoydan mustaqilligini e’lon qilgan, ammo Tayvanni faqat Palau, Tuvalu va Beliz kabi o‘nga yaqin mamlakat suveren davlat sifatida tan olgan.
Mavzuga oid
18:12
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
23:11 / 21.12.2024
AQSh prezidenti hukumat ishini moliyalashtirishni uzaytiruvchi qonunni imzoladi
19:29 / 20.12.2024
Reuters: Bayden administratsiyasi Ukrainaga oxirgi harbiy yordam paketini e’lon qilishga tayyorlanmoqda
23:04 / 13.12.2024